Breaking News

Rossiya Xitoyning dastagini qo'lga kiritish niyatida


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Zinpin bilan, Moskva, 22-mart, 2013-yil.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Zinpin bilan, Moskva, 22-mart, 2013-yil.
Moskva va G’arb o’rtasida aloqalar sovuqlashgan bir paytda Kreml Pekin bilan energiya bo’yicha hamkorlikni oshirishni hamda diplomatik munosabatlarni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Rossiya o'ziga hamkor qidirmoqda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00
Yuklab oling
Ukraina sharqida Rossiyaga xayrixoh kuchlar rasmiy Kiyevga qarshi kurash olib borar ekan, vaziyat taranglashib bormoqda.

Shuningdek, Rossiyaning boshqa qo’shnilari ham Ukraina voqealarini hadik bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, Pekin xavotirda, deydi London Iqtisodiyot maktabi tadqiqotchisi Arne Uestad.

“Nazarimda, ruslar Xitoyning bu masaladagi qarashini xato tushungan. Xitoy hanuz boshqalar ishiga aralashmaslik va mustaqillik siyosatini olib boradi. Shuning uchun Xitoy bir qarorga kelolmayapti”, - deydi u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu oy Pekinga safar qiladi. O’tgan yili Xitoy rahbari Si Zinpin ham xorij safarini Moskvadan boshlagan edi.

Rossiya Xitoyga neft eksportini uch barobar oshirishni ko’zlayapti. Ukraina atrofida paydo bo’lgan yangi muammolar Moskvani gaz uchun yangi xaridorlar izlashga majbur qildi, deydi tahlilchilar. Shu maqsadda Xitoyga yangi gaz quvurini yotqizish rejaga kiritilgan. Ammo bu osonlikcha amalga oshmaydi, deydi London Qirollik kolleji tahlilchisi Natasha Kurt.

“Buni amalga oshirish qiyin bo’ladi. Chunki Xitoy ham ta’minot manbalari borasida bir davlatga bog’lanib qolishni istamaydi”, - deydi u.

Kurtga ko’ra, Ukraina masalasida ham Moskva uchun Pekinning qo’llab-quvvatlovini qo’lga kiritish qiyin bo’ladi.

“Ular ancha ehtiyotkor. Xitoy Rossiyaning e’tiborini qozonishga u qadar ham urinayotgani yo’q”, - deydi Kurt.

Uestad esa Xitoy boshqa global kuchlar bilan aloqalarining yanada yomonlashishidan xavotirda ekanini aytadi.

“Iqtisodiy manfaatlar bilan birgalikda, Vashington ham alohida hisobga olinadi. Ular nafaqat amerikaliklarni, balki yevropaliklarni ham norozi qiladigan siyosatni qo’llab-quvvatlashi qiyin”, - deydi tadqiqotchi.

Sharqiy Osiyoning yana bir qudratli davlati Yaponiya bir necha Rossiya rasmiysiga viza taqiqlarini joriy qildi. Shu hafta Bryusselga qilgan tashrifi chog’ida Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Yevropa bilan hammaslak ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Abening aytishicha, Ukraina voqealari dunyoda kutilmagan narsalar ro’y berishini ko’rsatdi. Dunyo tinchligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarda Yevropa Ittifoqi va Yaponiya faol ishtirok etishi kerak, deydi u.

Yaponiya 1945-yilda sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan tortib olingan va hozir Rossiyaga qarashli Kuril orollarini o’ziga tegishli deb biladi. Tokio Ukraina hodisalaridan oziga xos saboq chiqardi, deydi professor Uestad.

“Hududlarni tortib olish bo’yicha avval va hozir yuz bergan harakatlarda yaponlar ayrim o’xshashliklarni ko’rmoqda”, - deydi u.

Ukrainada beqarorlik kuchayib borar ekan, tahlilchilar Kremlning sharqiy Osiyodan o’ziga hamkor topishi tobora qiyinlashib borishini taxmin qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG