Breaking News

Xitoy rahbari: Yangi Ipak yo'li qurishda davom etamiz


Xitoy Prezident Si Zinpin anjuman yakunida. 11-noyabr 2014-yil.
Xitoy Prezident Si Zinpin anjuman yakunida. 11-noyabr 2014-yil.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin mamlakat iqtisodidagi muammolar jiddiy emas deya ta’kidlamoqda. Yakshanba kuni Pekinda yig’ilgan dunyo davlatlari vakillariga murojaat qilgan Si Zinpin mintaqaviy savdo-sotiqni yanada rivojlantirishga chaqirdi va Pekinning mintaqada infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 40 milliard dollarlik jamg’armaga asos solish rejasini ma’lum qildi.

Prezident Si Zinpinning aytishicha, Xitoy iqtisodiyoti va eksport hajmining sustlashgani normal holat va Pekin bunga ko'nikmoqda. Iqtisodiyot yiliga qariyb yetti foizga o’smoqda. Bu esa dunyodagi eng baland ko’rsatkichlardan.

“Ayrimlar Xitoy iqtisodiyoti yanada sekinlashishidan xavotirda, yoki keyingi dovonni oshib o’tadimi deya savol bermoqda. Albatta, tahdidlar bor, lekin ular jiddiy emas”, - deydi Xitoy rahbari.

Yilning uchinchi choragida bu mamlakat iqtisodiyoti yana tushib, 2008- va 2009- yillardagi global moliyaviy inqirozdan beri eng quyi nuqtada.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Pekindagi sammitida shunday bayonot qilgan Si Zinpin, shuningdek, Xitoyda ichki islohotlar jadal amalga oshirilayotganini ta’kidladi, ichki bozorda iste’mol oshmoqda, deb aytdi. Davlat rahbari o’tgan yili boshlangan keng ko’lamli islohotlar davom etishiga urg’u berdi.

“Kamon tortildimi, o‘q uchmasa bo’lmaydi. Islohotlar yanada jadallashadi, bozor mexanizmlarining iqtisodga ta’siri kuchayadi”, - dedi Xitoy prezidenti.

Reformalar barobarida Pekin mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida. Si Zinpin mintaqa bo’ylab infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Ipak yo’li jamg’armasi uchun 40 milliard dollar ajratilishini bildirdi.

Xitoy "Yangi Ipak yo’li" orqali Markaziy Osiyo davlatlari bilan, "Dengiz Ipak yo’li" nomini olgan loyiha doirasida esa Janubi-sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bilan aloqalarni mustahkamlash niyatida.

Ushbu maqsad sari o’tgan oyda muhim qadam ham qo’yildi: Osiyo infratuzilma sarmoya bankiga asos solindi. Prezident Si Zinpinga ko’ra, kelasi 10 yil ichida Xitoy xorijiy mamlakatlarga bir trillion dollardan ziyod sarmoya kiritadi. Shundan 60 foizi Osiyo davlatlari hissasiga to'g'ri keladi.

“Kelasi besh yilda Xitoy qiymati 10 trillion dollardan ziyod mahsulotlar import qiladi. Chet o’lkalarga chiqayotgan xitoylik sayyohlar soni esa 500 milliondan oshadi. Xitoy taraqqiyoti Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va butun dunyo uchun katta imkoniyatlar va daromadlar yaratadi,” - dedi Xitoy rahbari.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorlik sammitiga mezbonlik qilayotgan Pekinning katta va’dalar berishi tabiiy. So’nggi oylarda Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi orollar yuzasidan Yaponiya va boshqa mamlakatlar bilan aloqalari ancha taranglashgan. Si Zinpin bunga chek qo’yish niyatida ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG