Breaking News

ASEAN sammitidan nimalarni kutish mumkin?


ASEANga a'zo davlatlar bayroqlari
ASEANga a'zo davlatlar bayroqlari

Myanmar kelasi hafta Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi - ASEAN hamda Sharqiy Osiyo sammitiga mezbonlik qiladi. Unda AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston hamda mintaqaning boshqa davlatlari rahbarlari qatnashadi. Xo’sh, uchrashuvlardan qanday natija kutilmoqda?

Yaqin o’tmishda ko’plab mojarolarni boshdan kechirgan mintaqada so’nggi yillar tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda. Bunga ASEAN tashkiloti siyosatidagi murosa, kelishuv va aralashmaslik tamoyillari sabab. Guruh aynan shuning uchun samarali faoliyat yuritib keladi, deydi tashkilotning sobiq Bosh kotibi Rodolfo Severino.

“Yo’q, ASEANga keskinlik va shoshma-shosharlik yot. Bu tashkilot bosqichma-bosqich harakat qiladi”, - deydi u.

Biroq bunday yondashuv jiddiy muammolarni hal qilishda samara bermasligi mumkin, deya fikr bildiradi Vebster universitetining Bangkokdagi bo’limi professori Jeyson Briggs.

“ASEAN sammitlarida va boshqa uchrashuvlarda, odatda, memorandum, deklaratsiya yoki qo’shma bayonot qabul qilinadi. Lekin ular davlatlarni bog’lovchi va amal qilishi shart bo’lgan bitimlar emas”, - deydi kuzatuvchi.

Kelasi yilda katta siljish kutilmoqda - tashkilotning Iqtisodiy jamoasiga asos solinadi. Maqsad davlatlararo savdo-sotiq va safarlarni rivojlantirish. Hozircha tafsilotlar noaniq. Bu yilgi sammitda aynan shu muhokama qilinadi, deydi Severino.

“Qaysi jamoa haqida gap ketyapti? Rahbarlar buni aniqlab olishi kerak. Chunki vaqt oz qoldi. Kelasi yilda tashkilotga Malayziya raislik qiladi”, - deydi u.

AQSh Prezidenti Barak Obama o’tgan yili Vashingtonda yuz bergan byudjet bahslari ortidan tashkilot sammitida qatnasha olmagan edi. Natijada ASEAN nomli “orkestr”ga Xitoy “dirijor”lik qildi.

AQSh diplomatlari uchun nafaqat tashkilotga a’zo o’nta mamlakat, balki boshqa davlatlar rahbarlari bilan ham birma-bir uchrashish muhim.

“Hindistonda Modi hokimiyatga keldi. Rossiyani o’zingiz bilasiz: AQShda Putin siyosati yuzasidan xavotirlar ko’p. Ular sammitga taklif qilingan. Balki sammit doirasida Prezident Obama o’sha rahbarlarga konstruktiv muloqotni taklif etishi mumkin” – deydi professor Briggs.

Obama muhokama qiladigan masalalar qatoridan “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash mavzusi ham o’rin olgan. Bundan tashqari, kun tartibida Ukrainadagi vaziyat, Tinch okeani mintaqasi bo’ylab savdo-sotiqni osonlashtirish, Xitoy dengizidagi hududiy kelishmovchiliklar hamda G’arbiy Afrikadagi ebola epidemiyasi ham turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG