Breaking News

Prezident Obama Xitoy uchun yangi viza tartibini e'lon qildi


Prezident Barak Obama Pekinda APEK biznes rahbarlari sammitida so'zlamoqda, 10-noyabr, 2014-yil
Prezident Barak Obama Pekinda APEK biznes rahbarlari sammitida so'zlamoqda, 10-noyabr, 2014-yil

AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoy poytaxti Pekinda boshlangan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida yirik kompaniyalar rahbarlari oldida nutq so'zlab, Amerikaning Osiyoga qiziqishi katta ekanini aytdi.

Sammit uch kun davom etadi. AQSh rasmiylari anjumanni mintaqada mojarolarning oldini olishga qaratilgan qoidalar majmuiga kelishishga, savdo, kiber-faoliyat, iqlimga doir mavzularni muhokama qilishga imkoniyat sifatida ko'rmoqda.

Obama Xitoy fuqarolari uchun shu haftadan boshlab kuchga kirayotgan yangi viza tartibi xususida so'zladi.

"Yangi qoidalar talabalar, sayyohlar, kichik va yirik biznes vakillari uchun qulay bo'ladi, deydi Obama. Hozircha Amerika va Xitoy vizalari bir yilga beriladi, ammo shu haftadan boshlab talabalar va almashinuv dasturlari orqali sayohat qiladiganlarga viza muddati besh yilgacha, tadbirkorlar va sayyohlar uchun 10 yilgacha cho'ziladi", - dedi AQSh prezidenti.

Obama AQShning 12 mamlakatni o'z ichiga olgan Trans-Osiyo Hamkorligi loyihasini ham targ'ib qildi. Biroq bu 12 davlat ichida Xitoy yo'q va loyiha Pekinning Osiyoda erkin savdo zonasini yaratish rejasiga jiddiy raqobatdir.

Obama AQSh-Xitoy iqtisodiy hamkorligining juda muhim ekanini ta'kidladi.

"Agar ikki davlat birgalikda harakat qilsa, bundan butun dunyo naf ko'radi. Ikki tomonlama savdo va sarmoyani kuchaytirishimiz kerak", - dedi Obama.

Qo'shma Shtatlar Xitoy bilan savdo oborotidagi kamomaddan, kiber-josuslik, Xitoyning Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi da'volaridan tashvishda. Pekin nazarida AQSh mintaqada harbiy kuchlarini oshirib, Xitoyni nazorat qilmoqchi. Obama Xitoy rahbari bilan uchrashuv chog'ida bunday tushunchaning yanglish ekanini bildirmoqchi.

Obama ertaga sammit doirasida Xitoy rahbari Si Zinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda.

Chorshanba kuni Obama Xitoydan Birmaga boradi va Sharqiy Osiyo mamlakatlari ishtirokidagi ikki sammitda qatnashadi. Undan keyin esa Katta Yigirmalik sammitida ishtirok etish uchun Avstraliyaga yo'l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG