Breaking News

"Islomiy davlat" o'z nazoratidagi hududlardan aholining chiqishiga g'ov bo'lmoqda


Iroq, Anbar viloyati
Iroq, Anbar viloyati

BMTning Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi idorasiga ko'ra, "Islomiy davlat" o'z nazoratidagi hududlardan qochmoqchi bo'lgan iroqliklarga zulm o'tkazmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, jangarilar aholini Iroq shimolidagi Hamrin tog'lari orqali Kurdiston va Suriya shimoliga o'tkazmayapti. Kamida to'rt oila yo'lda nobud bo'lgan, qurbonlar orasida bolalar va qariyalar ham bor, deya bildiradi idora.

BMT monitorlari "Islomiy davlat" jangarilari pistirmalar qo'yib, qochayotgan odamlarni otayotgani, snayperlar hujumlari haqida ma'lumot olganini aytmoqda.

BMTning Inson huquqlari idorasi matbuot kotibasi Ravina Shamdasaniy bir misol keltirdi. Unga ko'ra, uch taksi haydovchisi odamlarga qochishda yordam bergani uchun qatl etilgan. Kurdistonning Tikrit, Suriyaning al-Alam shahriga qochayotganlarni esa o'g'irlashgani ma'lum bo'ldi.

“Islomiy davlat" ularning mafkurasi va boshqaruviga qarshi bo'lganlarni yovuzlarcha jazolamoqda. 20-iyul kuni jangarilar Mosulda bir imomni o'zlari tayinlagan sha'riy sud qaroriga ko'ra odamlar oldida qatl etdilar. Mashinaga qo'yilgan bombalar, qo'lbola portlovchi moddalar portlashidan ham mamlakat bo'ylab odamlar o'lmoqda. Poytaxt Bag'dodda har kuni hujumlar kuzatilmoqda", - deydi BMT rasmiysi.

Shamdasaniyning aytishicha, aholini ataylab nishonga olish xalqaro gumanitar qonunga xilofdir. O'zaro jang qilayotgan tomonlar oddiy odamlarni himoya qilishi, xavfli zonalarni tark etishiga yo'l berishi zarur, deydi u.

Biroq "Islomiy davlat" xalqaro gumanitar qonunni pisand qilmaydigan guruh bo'lib, bunday da'vatlar ularga ta'sir qilmaydi, deydi Shamdasaniy.

“Har oy minglab odamlarni o'ldirishib, inson huquqlarini keng ko'lamda poymol etishmoqda. Ular bizga quloq solmasa ham munosabatimizni bildirishga majburmiz. Jim turmaslik kerak, shunda "Islomiy davlat"ga qo'shilishi mumkin bo'lgan odamlar yoki ular bilan hamkorlik qilayotganlar balki o'ylanib qolar", - deydi BMT vakili.

BMTning inson huquqlari bo'yicha oliy komissari fikricha, deydi Shamdasaniy, terrorchi guruhlar tahdidini uzoq muddatda bartaraf etish uchun Iroqda mazhablararo ziddiyatlarga yetaklayotgan muammolarni hal etish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG