Breaking News

Turkiya "Islomiy davlat" va kurd jangarilarini nishonga olmoqda


Shanba oqshom Turkiyaning asosan kurdlar yashaydigan Diyorbakir viloyatida mashinaga o'rnatilgan bomba portlab, ikki harbiy o'lgan, to'rt nafari jarohat olgan. Bundan bir kun oldin Turkiya jangovar samolyotlari Suriyada "Islomiy davlat" lagerlarini hamda Iroq shimolida Turkiyada man qilingan Kurdiston ishchilar partiyasi pozitsiyalarini nishonga oldi.

Xabarlarga ko'ra, kechagi xuruj kurd jangarilarining ishi. Ular Iroq shimolida havo hujumiga uchraganidan norozi.

Anqara Kurdiston ishchilar partiyasi bilan 2013-yilda sulh tuzgan edi, biroq juma kungi hujumdan so'ng sulh ma'nosini yo'qotdi, deydi jangarilar. Hukumat esa kurdlarni hafta boshida ikki politsiyachini o'ldirganlikda ayblamoqda.

O'tgan dushanba kuni Suruch shahridagi terror xurujida 32 odam nobud bo'ldi. Politsiya mamlakat bo'ylab reydlar o'tkazib, "Islomiy davlat"ga aloqadorlik gumoni bilan 250 kishini hibsga olgan.

Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, Turkiyaga tahdid bartaraf etilmaguncha havo hujumlari bas qilinmaydi.

Turkiyadagi kurd arboblar Iroqdagi hujumlarni qoralab, Anqaraning Iroq shimolidagi kurd hukumati bilan munosabatlari yanada sovuqlashishini aytmoqda.

Qo'shma Shtatlar esa aksincha Turkiya armiyasi hujumlarini qo'llab-quvvatlamoqda. Oq uy bayonotiga ko'ra, bir-biriga raqib Kurdiston ishchilar partiyasi va "Islomiy davlat" Turkiyada terror xurujlari uyushtirgan va Anqara o'zini himoya qilishga, qarshi chora ko'rishga haqli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG