Amerika bosh diplomati Jon Kerri Markaziy Osiyo bo'ylab safarini boshladi. Bugun u Qirg'izisonda bo'ldi. Bishkek yaqinidagi Manas aeroportida Kerrini Tashqi ishlar vaziri Yerlan Abdildayev va boshqa rasmiylar kutib oldi.
AQSh davlat kotibi kelasi kun to'rt kunda Bishkek, Samarqand, Ostona, Dushanbe va Ashgabatda rahbarlar bilan muzokara qiladi. Har bir davlat bilan strategik sheriklik, mintaqaviy masalalar muhokamada.
Qator tashkilot va uyushmalar Jon Kerrini inson huquqlariga doir muammolarni ham ko'tarishga, hukumatlarga bu boradagi xalqaro majburiyatlarini eslatib qo'yishga undamoqda.
Huquq qanchalik nozik masala ekani Vashington-Bishkek munosabatlarida yaqqol ko'zga tashlanadi. AQSh Davlat departamenti shu yoz o'zbek faoli Azimjon Asqarovni nufuzli mukofot bilan taqdirlagan, Qirg'iziston buni ichki ishlarga aralashuv deya qoralagan edi.
Vazir Abildayev va Prezident Almazbek Atambayev bilan muloqotdan so'ng o'tgan matbuot anjumanida Kerri Asqarovga sovrin uning bir umrlik faoliyati uchun berilganini, Amerikaning ichki xavfsizlik bilan bog'liq masalalarga aralashish niyati yo'qligini ta'kidladi.
"Bu mavzuni ochiq va obdon muhokama qildik. Har ikki tomon hamkorlik davom etishini istaydi", - dedi diplomat.
Jon Kerri Bishkekda AQSh elchixonasining yangi binosini ochib berish marosimida qatnashdi. Tashqi ishlar vaziri Yerlan Abdildayev so'zlariga ko'ra:
"AQSh va Qirg'iziston munosabatlarining optimal bir modelini ishlab chiqish fursati yetdi. Aloqalar tenglik va o'zaro hurmat tamoyillariga asoslanishi lozim".
Amerika bosh diplomati Suriya va "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalasiga doir savollarga ham javob berdi.
"Suriyaga maxsus kuchlarni safarbar etayotgan bo'lsak-da, fuqarolar urushiga o'ralashib qolmaymiz. Kichik piyoda qo'shinning vazifasi bitta - "Islomiy davlat" ga qarshi kurashish", - dedi Jon Kerri.
Tashqi ishlar vaziri Yerlan Abdildayev Afg'oniston shimoli tobora notinch, deya xavotir bildirdi. Masala region tashqi ishlar vazirlarining Samarqandda rejalangan uchrashuvida muhokama qilinadi.