Breaking News

Muhojirlar prezidentlikka nomzodlarning qarashlaridan xavotirda


Saylov-2016: Ayova shtatidagi muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:31 0:00

Saylov-2016: Ayova shtatidagi muhojirlar

Prezidentlik uchun demokrat nomzodlarning Ayova shtatidagi o'tgan bahsida noqonuniy muhojirlar masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Huquq faollari orasida hatto qonuniy muhojirlar siyosiy kurashlar qurboniga aylanishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Muhojirlar haqida siyosiy bahs, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:21 0:00

Karlos Barko Ayovaning Perri shahrida o'z restoranini ochishi uchun 10 yildan ortiq pul tejashiga to'g'ri keldi. Ammo u muhojirlarga qarshi prezident saylansa nima bo'ladi, deya kelajagidan xavotirda.

"Bu menga ham ta'sir qilishi mumkin. Chunki menda faqat ishlashga ruxsat bor xolos", - deydi u.

Barko oilasiga yaxshiroq hayot izlab, 1992-yil Salvadordan Amerikaga kelgan. Ishlashga ruxsat olgach, Perri yaqinidagi oziq-ovqat zavodiga ishga joylashdi. Bu kichik shaharcha muhojir ishchilar hisobiga katta o'zgarishlarga yuz tutdi.

"Taxminan, 40 foizi Lotin Amerikasidan. Kichik miqdorda Sudan va boshqa osiyolik muhojirlar ham bor".

Stiv Parnel Barko restorani qarshisida musiqa do'konini ochgan. U saylovda kimni qo'llab-quvvatlashi haqida hali bir qarorga kelmagan. Nomzodlar esa shunday odamlar ishonchini qozonishga urinmoqda. Parnel 11 million noqonuniy muhojirni deportatsiya qilish bo'yicha Donald Tramp rejasidan xavotirda.

"Tramp nomzodlikni qo'lga kiritib, demokratlarga qarshi kurashda g'olib chiqishni istasa, aqlga sig'adigan rejalar bilan chiqishi kerak", - deydi u.

Respublikachi nomzod Kris Kristi u bilan hamfikr. 11 million noqonuniy muhojirni deporatsiya qilish imkonsiz, deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"Bu ikki yil davomida har kuni 15 ming odam degani. Buni amalga oshirish uchun yetarli huquq-tartibot xodimlari yo'q", - deydi u.

"Hamma nomzodlar bu masalaga voqelikni hisobga olib yondashishi kerak".

Svellou Yen Ayovaga 24 yil oldin Xitoydan kelgan. Hozir AQSh fuqarosi. U har safar prezidentlik saylovlarida bahsli Ayova shtatidan ovoz beradi.

"Hanuz o'rganyapman. Nomzodlar haqida ko'proq bilishim kerak. Hali bir qarorga kelganim yo'q", - deydi u.

Karlos Barkoda esa tanlov imkoniyati yo'q. Chunki hali AQSh fuqarosi emas. Ovoz bera olmas ekan, kelajagi boshqalar qo'lida.

"Men hamma narsamni boy berishim mumkin. Chunki 15 yildan beri o'z davlatimga borganim yo'q. U yerda hech kimni bilmayman, AQShda bor narsalarimning ko'pi u yerda yo'q", - deydi u.

2-fevral kuni Ayovada nomzodlar tanlashning birinchi bosqichi bo'lib o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG