Suriya Prezidenti Bashar al-Assad taklif etilayotgan sulhga amal qilish qiyin bo’lishini ta’kidlab, Turkiya va Saudiya Arabistonini bunga to’g’anoq bo’layotganlikda aybladi.
Assadning aytishicha, terrorchilar sulhga amal qilmasa, ularni hech kim majburlay olmaydi.
"Kim ularni to’xtata oladi? Hech kim! Bizga bir hafta ichida otishmalar to’xtashi kerak deyishyapti. Ammo terrorchi guruhlar sulhga amal qilmasa, kim ularni javobgarlikka torta oladi?" deya so’raydi Assad.
Turkiya va Saudiya Arabistoni Suriyada "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi havodan zarba berayotgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga kiradi. Ular Suriyaga piyoda qo’shinlarini safarbar etishini bildirgan.
Bu orada Turkiya suriyalik kurd jangchilarini zambaraklardan o’qqa tutmoqda. Anqara ularni Kurdiston ishchilar partiyasi kabi terrorchilar deb biladi.
Bu orada AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqi Suriyaning shimolida kasalxona va maktabga qarshi qilingan havo hujumlarini qoraladi.
Qarorgohi Fransiyada joylashgan Chegara Bilmas Shifokorlar tashkiloti himoyasidagi kasalxona va bir maktab vayron bo'lgan, shuningdek, aksariyati bolalardan iborat kamida 50 kishi halok bo'lgani aytilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi-Mun hujumlarni keskin qoraladi.
Mustaqil tashkilotlar bergan ma'lumotlarga qaraganda, havo hujumlari hozirda Suriya rahbari Assad kuchlarini himoya qilayotgan Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan amalga oshirilgan.
Turkiya rasmiylari Rossiyaning Suriyadagi harbiy hujumlarini keskin tanqid qilar ekan, Rossiyani terrorchi tashkilot deb atagan.
Bu orada Suriyaning SANA axborot agentligi Halabning shimoliy tumanlarida ikki qishloq mahalliy kurdlar va hukumat kuchlari tamonidan zabt etilganini bildirdi.