Breaking News

Samarqandda muddati o‘tayotgan dorilar aptekachilarga majburan tarqatilayapti


Samarqandda ulgurji dori-darmonlar savdosi bilan shug'ullanuvchi tibbiy firmalar muddati o'tayotgan dorilarni viloyatdagi aptekalarga majburan sotayapti, deya xabar qilmoqda "Ozodlik" radiosi.

Samarqanddagi aptekachilardan olingan ma’lumotga ko'ra, firmalar buyurtmaning 5-10 foizi miqdorida muddati o'tayozgan dorilarni olishga ularni majburlashadi. O'z navbatida ayrim aptekachilarning mijozlarni aldab muddati o'tib ketgan dorilarni aholiga sotish holatlari kuzatilmoqda.

Naqd puli yo'qlar muddati o'tayotgan dorilarni olishga majbur

Samarqand shahridagi aptekalardan birining egasi ulgurji savdo qiluvchi tibbiy firmaga 2 million so'mlik dori-darmonga buyurtma bergan. Uning "Ozodlik" bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, buyurtmasining 5 foizi miqdoridagi narxda muddati o'tayotgan dorilarni olishga uni majburlashmoqda:

"Bu dorilarni perechisleniye orqali olgan taqdiringizda "nagruzka" qo'shiladi. Mening pulim bank hisobimda. Firma hozir buyurtmamga 100 ming so'mlik muddati o'tayotgan dorilarni qo'shib berayapti. «Olmayman» desangiz, «naqd pul olib kel», deyishadi. Shuning uchun shu 5 foizlik "nagruzka"ga rozimiz. Ba’zi firmalar 10 foizlik "nagruzka" qo'ygan. Shunaqa dorilarni qo'shib berishini "nagruzka" deb atashadi", deydi ismini oshkor qilmayotganimiz samarqandlik aptekachi yigit.

Uning aytishicha, buyurtmaga majburan qo'shib beriladigan dorilar orasida hatto muddati tugashicha 1 oy qolgan tibbiy preparatlar ham bo'ladi:

"Muddati juda oz qolgan dorilarni ham qo'shib berishadi. Asosan 1 oydan 6 oygacha muddati qolgan dorilar qo'shiladi. Majburan berishadi. Uni olmasangiz sizga dori bermaydi", - deya zorlanadi u.

U "Ozodlik"ka Samarqanddagi tibbiy firmalardan birining narxlari ko'rsatilgan hujjatni jo'natdi.

Ushbu hujjatda buyurtmani pul o'tkazish yo'li orqali olganlarga Rossiyada ishlab chiqarilgan Oksolin mazi, Livarol, Fungoterbin kremlari qo'shib berilishi ta’kidlangan. U yerda ushbu preparatlarning muddati 2016-yil may oyida tugashi ko'rsatilgan.

"Ozodlik" muxbiri oddiy mijoz sifatida Samarqanddagi ulgurji dorilar savdosi bilan shug'ullanuvchi firmalarga qo'ng'iroq qilib, buyurtma qilishga urinib ko'rdi.

"Ozodlik" bog'langan firmalardan 2 tasi – "Elysium" va "Omad Farm" agar buyurtma pul o'tkazish orqali to'lanadigan bo'lsa, uning 5 foizlik "nagruzka"si borligini aytishdi. "Oriyo Mehr" firmasi ea qo'shiladigan "nagruzka"ni telefon orqali muhokama qilmasliklarini aytishdi.

Uchala firma ham naqd pul to'langan taqdirda hech qanday "nagruzka" qo'shilmasligini ta’kidladi. Lekin samarqandlik aptekachilarga ko'ra, butun mamlakatda kuzatilayotgan naqd pul taqchilligi muammosi ularni ham qiynayapti.

Samarqand viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi mulozimlari ushbu holatni izohlashdan bosh tortishdi.

Muddati o'tgan dori bemorlarga sotiladi

Samarqanddagi aptekachilar bilan suhbatdan ma’lum bo'lishicha, ular dorilarning muddati o'tib ketgan taqdirda mijozlarni aldab sotishga harakat qilishadi.

"Kelgan mijozlarni ruhan miyasiga ta’sir qilishga harakat qilamiz. Ular olgan dorilarga muddati o'tgan preparatlarni tavsiya qilamiz. Shunaqa aldab-avraymiz, ular bu dorilarni ham qo'shib, sotib olishadi. To'g'risi, ba’zida vijdonim qiynaladi, bunaqa qilganimga. Ba’zi aptekalarda muddati o'tgan dorini ham indamasdan sotuvga qo'yishadi. Odamlar kamdan-kam srogiga qaraydi. Bilmasdan o'sha muddati o'tgan dorilarni sotib olib, ishlatishadi", - deydi aptekachi yigitlardan biri.

Muddati o'tgan dorini ishlatgan hatto o'lishi mumkin

Dorishunos olim Abduqodir Sattorovning aytishicha, muddati o'tgan dorilarni ishlatish og'ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin:

"Dorilarning 120 mingdan ortiq turi bor. Ularning ichida gormonal dorilarning srogi o'tganini ishlatadigan bo'lsa, paralichga olib keladi. Qo'l-oyoqning qo'qqisdan ishlamay qolishi, bosh miyaga qon quyilishi, insult, yurakka qon quyilishi infarktni keltirib chiqarishi mumkin. Srogi o'tgan vaksinalarni ishlatsa. Allergiya beradi va astma bo'ladi, o'ladi, tamom. Hap dorilar, tabletkalarni ishlatsa buyrakda tosh paydo qilishi mumkin. Jigar faoliyatini ishdan chiqarishi mumkin. Agar antibiotiklarning srogi o'tganini ishlatsa, jigarni sirroz degan kasalga olib keladi", - deydi Sattorov.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

XS
SM
MD
LG