Merilend shtatining Riverdeyl shaharchasidagi bir mahallada qochqinlar uchun turar joy ajratilgan. Anchadan beri o’z uyida yashamagan insonlar bu yerda osuda hayotga o’rganmoqda.
“Parkview” mahallasida ertalabdan bolakaylar maktabga shoshadi. Bu yerdagi 600 kvartiraning yarmida qochqinlar yashaydi. Urush, mojaro va zo’ravonlik nima ekanini yaxshi biladigan bu odamlar uchun osoyishta hayotga o’rganish oson emas.
Zabihulla Zokir Afg’onistondan. Rafiqasi bilan o’tgan yili kelgan. Vatanida AQSh tashkilotiga ishlagan.
“Xavfsizlik degan narsa Afg’onistonda anqoning urug’i. Ayniqsa agar Amerikaga xizmat qiladigan odam bo’lsangiz, doimiy nishondasiz. Men askarlar bilan ishlaganman. Hayotim doimo qil ustida edi. Maxsus vizaga topshirdik. Berishdi va shu tariqa keldik”, - deydi u.
Zokir hozir bosmaxonada mehnat qiladi, oddiy ishchi.
Maan Alchavinnu esa Iroqdan. Oilasi bilan 10 yil mobaynida Iordaniyadagi qochqinlar lagerida yashagan. Keyin AQshdan boshpana oldi.
“Vatanim notinch. “Islomiy davlat”, jangarilar, tinimsiz muammo”.
Bu mahallaga ko’chib o’tganiga to’rt yil bo’ldi. Qochqinlar tashkiloti unga yordam bergan.
Deyvid Mendik bu komplekni boshqaradi. 30 yil oldin bir insonparvarlik tashkiloti madad so’rab murojaat qilgan. Mendik shundan beri qochqinlarni uy-joy bilan ta’minlab keladi.
“Bu tashkilot doimiy hamkorimga aylangan. Boshqa joylardan ham uylar topdik. Arzon turar-joy izlaymiz. Topganimizda ularni rasmiylashtirish borasida qochqinlarga yordamlashamiz”, - deydi suhbatdosh.
Mendik ayrim hollarda qochqinlarga ish ham topib beradi.
“Mahallamizda kimlar yashamaydi, deysiz. Turli sohalarda tajribaga ega. Mehnatdan, bilimdan qochmaydigan odamlar. Mening hamkasblarim ham shular”.
Masalan Zemi Shabiu Kosovodan 18 yil oldin kelgan. Urush paytida chiqib ketgan ekan.
“Boshida odamlar juda qiynaladi. Qochqinlik nima ekanini bilaman, chunki o’z boshimdan o’tgan. Ochig’ini aytaman, qiyin, ko’nikasiz, deyman”, - deydi Zemi.
Qochqinlar yangi kelganida ingliz tili kurslariga qatnaydi. Tashkilotchi – shu imorat boshqaruvi.
Sharif Ali Shafi bu yerda yashovchilardan. Amerikalik.
“Hammani topasiz. Ular AQShga notinchliklar, mashaqqat sabab kelib qolgan. Lekin ularning shu yerda ekanidan mamnunmiz. Gaplashib, turli tillarni eshitib, xilma-xil mazali taomlardan bahramand bo’lib yuramiz. Bolalar ko’p. Ularning hovlida o’ynayotganini ko’rib, ko’nglim yorishadi”, - deydi Sharif.
Qochqinlar yangi hayotga ko’nikar ekan, kelajakka umid bilan qaraydi.
Mukti Raj Gurung Butandan, Nepalda qochqinlar lagerida salkam 20 yil yashagan ekan.
“Bu mamlakat bizga ko’p narsa berdi. Siyladi bizni. O’zim ustimda ishlayman. Kichik oilam ravnaqi uchun hamma narsaga tayyorman. Shu jamiyatning bir qismi bo’lay, deyman”, - deydi u.
Facebook Forum