Breaking News

Toshkentdagi tintuv va hibslar Nyu-Yorkdagi teraktga bog’liqmi?


Toshkent shahri
Toshkent shahri

O'zbekistonda “qora ro’yxat”dan o’chirilgan dindorlar ustidan surishtiruvlar boshlangan. Hibsga olinganlarning Nyu-Yorkdagi xurujlarni sodir etgan Sayfullo Soipov bilan aloqasi o’rganilayotgani ham taxmin qilinmoqda. Huquq tartibot idoralari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o’tkazgan amaliyot davomida 80 ga yaqin odam so’roq qilingan. 7 kishi hibsga olingan.

Toshkent viloyatida tintuv va hibslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00

Toshkent shahridagi amaliyot Uchtepa tumanida o’tkazilgan, hibsgagilarning nimada ayblanayotgani noma’lum. Huquq tartibot idoralari Toshkentdagi maschitlarning birida varaqalar tarqatilgani, ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan ayolning Toshkentda ko’rinish bergani yuzasidan surishtiruv borayotganini aytishgan.

Mazkur amaliyot yuzasidan ma’lumot tarqatgan O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko`ra tintuv o’tkazish uchun keltirilgan vajlar mavhum, ammo hibsga olinganlarning Nyu-Yorkda xuruj sodir etgan o’zbek Sayfullo Soipov bilan bog’liqligi tekshirilayotgani haqida gumonlar bor:

“Men hibsdagilar bilan Soipov o’rtasida yozishma bo’lgan bo’lishi mumkin, demoqchiman. Chunki, Soipov ham Uchtepa tumanida yashagan, ya’ni qo`shnisimi, tanishimi bo’lgan bo’lishi mumkin. Bu albatta bizning gumonimiz, chunki 79 odamni uch kuni ichida oborib bunchalik so’roqqa tutilishini boshqa bir sabab bilan izohlash qiyin. To’g’ri, so’roq paytida qidiruvga berilgan ayol haqida gapirishayapti, lekin O’zbekistonda minglab odamlar qidiruvga berilgan, ular yuzasidan hozirgidek surishtiruv o’tkazilgani hali kuzatilamgan”, - deydi Surat Ikromov.

Maxsus amaliyot natijasida hibsga olinganlarning kimligi, ular nimada ayblanyotgani hozircha noma’lum, ammo uylari tuntuv qilinganlar ham, so’roq qilinib, keyinchalik qo’yib yuborilganlar ham muntazam “qora ro’yxat”da turgan. Ular Prezident Mirziyoyevning “adashgan” dindororlarga nisbatan qo’llayotgan yangi siyosati natijasida bu ro’yxatdan rasman o’chirilgan taqvodorlardir.

Surat Ikromovga ko’ra, dindorlarga, jumladan “qora ro’yxat”dan o’chrilganlarga nisbatan ham munosabat o’zgargani haqida gapirish qiyin, hibs va tintuvlar avvalgi ko’rinishda davom etmoqda:

“Mana, bizning o’zimiz ko’rib turibmiz, ularning hammasiga ‘’qora ro’yxat”dan o’chirilgani rasman aytilgan. Ular yana nima sababdan bizni tongdan tintuv qilishyapti, so’roq qilishyapti, deb so’rashmoqda. Hatto uylaridagi devorlarni, sandiqlarini, omborxonlarini ham tekshirib chiqishyapti, sababini esa ularning o’zlariga aytishayotgani yo’q. Ayrimlar hatto uch kungacha hibsda ushlab, so’roq qilingan, keyinchalik chiqarib yuborilgan. Hozir yetti kishi hibsda qolgan, ular tergov izolyatoriga ko’chirilgan, nimalarda ayblanayotgani hozircha aniq emas”, - deydi Surat Ikromov.

Nyu-Yorkda xuruj sodir etgan o’zbekistonlik Sayfullo Soipov AQShga ko’chishidan oldin Toshkent shahrini Uchtepa tumanida yashagan. 2010- yilda AQShga ketgan Soipov shu vaqt davomida O’zbekistonga kelmagan, uning qarindoshlari Toshkentda yashaydi.

Soipov tomonidan Nyu-Yorkda sodir etilgan terorchilik xurujida sakkiz kishi o’ldi. Uning o`zi bu xurujni “Islomiy davlat” guruhi nomidan amalga oshirganini aytdi.

Toshketndagi tintuvlar natijasida hibsga olinganlarni Soipovga aloqadorligi hozircha norsamiy manbalar tomonidan surilayotgan taxmin. Tintuvlar Soipov yashagan tumanda o’tkazilgani bois hibsdagilar orasida uni taniganlar bo`lishi ehtimol qilinmoqda.

Soipov yuzasidan o`tkazilgan dastlabki tergov xulosalarida uning AQShda radikallashgani, terror xurujini yolg’iz o’zi rejalgani va amalga oshirgani ko’rsatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG