O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasidagi ilk murojaatida inson huquqlari va adolat haqida gapirgani olqishlanmoqda. Amaliy qadamlar kutilmoqda, deya bayon qiladi huquq himoyasi bo'yicha nufuzli "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti.
HRWga ko'ra, Islom Karimov prezidentligi davrida O'zbekiston dunyoda huquq va erkinlik tamoyillari keng va sistematik tarzda buziladigan mamlakatga aylandi. Bugunga kelib, yangi rahbar qo'lida vaziyat ijobiy tomonga o'zgarayotgandek. Mirziyoyev Karimovning bosh vaziri edi. HRW bu jihatdan o'tmishdagi xato siyosatda hozirgi rahbarni ham mas'ul deb hisoblaydi.
Biroq Mirziyoyevning hukumat xalqqa xizmat qiladi, qonun ustuvor bo'ladi degan gaplari HRW va boshqa xalqaro tashkilotlarga ulkan umid bag'ishlamoqda.
"Inson manfaatlari birinchi o'ringa qo'yiladi", - dedi Mirziyoyev BMT minbaridan turib. "Demokrfatik davlat va adolatli jamiyat barpo etamiz".
Juda mazmunli gaplar, deydi HRW O'zbekiston bo'yicha eksperti Stiv Sverdlov. Tuzum o'zini astalik bilan isloh qila boshlagan. Huquqqa hurmatni oshirish yo'lida yangiliklar sezilmoqda, deydi u, biroq ularning davomiyligini ta'minlab, islohotlarni bo'shashtirmaslik zarur.
Fuqaro o'z siyosiy erkinliklaridan bemalol foydalana olishi, tanqidiy fikr bildirishi va buning uchun nishonga olinmasligi kerak, deya eslatadi HRW.
Prezident Mirziyoyev BMTdagi nutqida O'zbekistonda majburiy mehnatga chek qo'yilgan, dedi. Demak, bu yilgi paxta terimida odamlar zo'rlab ishlatilmasligi lozim, deydi huquq faollari. Respublika rasmiylari hech kim majburan dalaga chiqmaydi, deya qayd etmoqda.
Fuqaro chet elga chiqish uchun hukumatdan maxsus ruxsatnoma olishi shart bo'lmaydi, deydi prezident. Lekin bu siyosat 2019-yilga boribgina kuchga kirishi mumkin. HRW nazarida bu yangilik hozirdan amalga oshgani ma'qul.
Prezident oshkoralik davri keldi, xalqaro nohukumat tashkillotlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yiladi, deydi. HRW delegatsiyasi Toshkentda yaqindan kechgan muzokara va uchrashuvlardan mamnun va hukumatni bu sohada oldinga qadam tashlashga undamoqda.
Yuqori lavozimli rasmiylar, qonunchilar, huquq himoyachilari va oddiy fuqarolar bilan muloqot qilib qaytgan HRW mutaxassislari Prezident Mirziyoyevga bildirilayotgan ishonch o'zini oqlaydi, konkret progress bo'ladi degan umidda.
Facebook Forum