Breaking News

Genotsidda ayblangan Bashir Saudiya Arabistoniga bormaydi


Sudanning zolim rahbari Umar al-Bashir Saudiya Arabistonida o’tadigan xalqaro sammitga taklif qilingani keskin qarshilik uyg’otgan. Bashir Xalqaro Jinoiy Sud tomonidan urush jinoyatlariga ayblangan.

BMT qoshidagi Xalqaro Jinoiy Sud Bashirni 2009-yildan beri qamoqqa olishga urinadi. Sudan prezidenti adolatdan qochayotgan lider deb ko’riladi.

Tanqidlar ketidan Sudan davlat matbuoti Bashir tadbirga bormasligi haqida xabar tarqatdi.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” (HRW) tashkiloti vakili Eliza Keppler deydiki, AQSh va boshqa yirik davlatlarning rahbarlari qatnashadigan yig’inga Bashir ham taklif etilgani xalqaro hamjamiyat uchun sharmandalik. Axir u o’z xalqini qirib kelmoqda, deydi mutaxassis.

“U - xalqaro qonunlarni qo’pol ravishda buzib, Darfur mintaqasida norasida odamlarni o’ldirishni buyurgan va qatliomlarga boshchilik qilgan odam. Genotsid, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan shaxs. Bundan ham jiddiyroq sabab bo’lishi mumkinmi uni xalqaro sammitga taklif qilmaslik uchun”-? deya so’raydi Keppler.

​Prezident Donald Tramp Riyodga bormasligi kerak, deydi Erik Rivs, Garvard universitetidan ekspert. Amerika uchun bu inson huquqlari va adolat eng yuqori o’rindagi qadriyat ekanini isbotlash imkoniyatidir, deydi u.

“Bashirning bemalol dunyo kezib yurishi Xalqaro Jinoiy Sud yuziga oyoq qo’yish bilan barobar. Tramp esa tomoshabinmi”? – deydi Rivs.

Saudiya Arabistoni Sudan rahbari bilan apoq-chapoq, deydi Deyvid Bosko, amerikalik huquqshunos. Xalqaro Jinoiy Sud va adolat Riyod uchun umuman muhim emas, deydi olim.

“Amerika rasmiylari Bashir bilan uchrashmaydi, orada aloqa yo’q. Lekin mezbon Saudiya Arabistoni ekan, taklifnoma ulardan borgan. Tramp kelayotganini ular nazarga olmagan”, - deydi Bosko.

Oq uyning Xalqaro Jinoiy Sudga munosabati mavhum. AQSh unga a’zo emas.

“Obama ma’muriyati bu sudni hurmat qilar edi. Unga kirmasa-da, xalqaro qonunlarni himoya qilar edi. Tramp ma’muriyati hozircha bundan uzoq”, - deydi Bosko.

Davlat departamenti Sudan rahbari qabih jinoyatlarda ayblanar ekan, uni xalqaro sammit va muloqotlardan uzoqlashtirish kerak deb keladi. Bashir qamoqqa olinishi kerak, deya bayon qiladi AQSh diplomatlari.

Lekin Amerika Sudanga nisbatan ayrim sanksiyalarni bekor qilgan. Bashir yaqin o’tmishda Janubiy Afrika va Iordaniyaga borgan. Bu hukumatlar BMT talabini qondirmagan, ya’ni uni qamoqqa olmagan. Saudiya Arabistoni Xalqaro Jinoiy Sudga a’zo emas va uning oldida javob bermaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG