Breaking News

BMT qo’shinlari Darfurda yana bir yil qoladi


BMT-Afrika Ittifoqi tinchlikparvar missiyasi 2007-yilda tuzilgan bo’lib, asosiy vazifasi oddiy aholini mudofaa qilish.
BMT-Afrika Ittifoqi tinchlikparvar missiyasi 2007-yilda tuzilgan bo’lib, asosiy vazifasi oddiy aholini mudofaa qilish.
Sudanning beqaror Darfur mintaqasida qimmatchilikka qarshi namoyishlarda olti kishi halok bo’lgan.

Guvohlarning aytishicha, hukumat iste’fosini talab qilib chiqqan odamlarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llangan.

BMT Xavfsizlik Kengashi kecha Darfurda tinchlikparvar missiya muddatini bir yilga uzaytirishga qaror qilgan edi. Qo’shinlar soni biroz qisqaradi, xolos, deydi rasmiylar.

BMT va Afrika Ittifoqi tinchlikparvarlari besh yildan beri Darfurda. Hozir ular soni 19 ming kishi bo’lsa, yaqin oylarda 16 ming 200 kishiga kamayishi kerak. Politsiyachilar soni ham qisqaradi.



BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning so’nggi hisobotiga ko’ra, missiya mintaqa ahlini himoya qilib, qorni to’q, usti but ekaniga ishonch hosil qilib keladi. Bu qo’shinlar sharofati bilan Darfur nisbatan bexatar.

BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini 15 a’zodan 14 nafari yoqlab chiqqan. Ozarbayjon betaraf.

Gvatemala elchisi Gert Rozental hujjatning tinchlikparvar qo’shinlar Ugandada asoslangan isyonchilar haqida axborot uzatishi kerak, degan bandini savolga tutadi.

Rozental tarjimon orqali shunday deydi:

“Isyonchilar Darfurda faoliyat ko’rsatayotgani haqida dalillar yo’q, demak rezolyutsiyadagi bandga ham hojat yo’q”, - deydi u.

Sudan elchisi Daffa Alla Elhag Ali Osman ham shu fikrda.

“Guruh Janubiy Sudanda bo’lsa, bizga nima aloqasi bor?” – deya hayron u.

Jozef Koni boshliq bu isyonchilarni Xalqaro jinoiy sud harbiy jinoyatlarda ayblab qidirmoqda. Guruh nafaqat Uganda, balki qo’shnilar, ayniqsa, Markaziy Afrika Respublikasi va Janubiy Sudan tinchini buzib keladi.

Koni o’n minglab bolalarni o’g’irlab, o’z armiyasiga qo’shganlikda, ularni jinsiy aloqa va qullikka majburlashda ayblanadi. Uning qo’shinlar minglab odamlarning boshini yegan.

Holbuki, BMT rasmiylari yil boshida ugandalik jangarilar boshlig’i Jozef Koni Darfurga qochgan bo’lishi mumkin, deya taxmin qilgan edi.

Darfurda isyonchi guruhlar iqtisodiy va siyosiy ahvoldan norozi bo’lib, hukumat bilan 2003-yildan beri olishib keladi. BMT-Afrika Ittifoqi tinchlikparvar missiyasi 2007-yilda tuzilgan bo’lib, asosiy vazifasi oddiy aholini mudofaa qilish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG