Qo’shma Shtatlar Sudanni ikkiga ajratish bo’yicha referendum muvaffaqiyatli o’tganini olqishlab, bu davlat bilan bilan aloqani tiklamoqda.
Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda Sudan Tashqi ishlar vaziri Ali Karti bilan uchrashgan.
Referendumning yakuniy natijalari ikki haftadan keyin ma’lum bo’ladi. Shundan so’ng Vashington rasmiy Xartum bilan aloqani normallashtirishtirishga kirishadi.
Amerika rasmiylarining aytishicha, Umar al-Bashir hukumati saylov tinch va adolatli o’tishini ta’minlashga hissa qo’shgan, bu borada hamkorlik qilgan.
Natijada asosan nasroniy aholidan iborat janubiy Sudanda saylovchilarning 90 foizi shimoldan ajralib, mustaqil bo’lish uchun ovoz berdi. Referendum 2005 yilgi fuqaro urushiga yakun yasagan kelishuvning asosiy sharti edi.
Xillari Klintonning aytishicha, AQSh va boshqa davlatlar saylov tinch-osoyishta o’tganidan mamnun.
“Shimol va janub o’rtasidagi tinchlik bitimini to’la tatbiq etish, chegara va fuqarolik masalalarini hal qilishda Sudan hukumati bilan ishlashga tayyormiz”, - deydi vazira.
Sudan - 1980-yillarda al-Qoida rahbari Usama bin Ladenga boshpana bergan davlat va AQSh nazarida terrorizm homiylaridan biri. Unga qarshi sanksiyalar qo’yilgan.
AQSh Davlat departamenti vakili Filip Krovli so’zlariga ko’ra, referendum natijasi e’lon qilingach va shimoldagi hukumat uni rasman tan olgach, Sudanni qora ro’yxatdan o’chirish jarayoni boshlanadi.
Buning uchun, AQSh Kongressiga Sudan so’nggi olti oy davomida terrorchi guruhlar bilan aloqa qilmagani isbotlab berilishi kerak.
2006 yilda Liviya yadro programmasidan voz kechgach, xuddi shu tarzda ro’yxatdan olib tashlangan edi.
Ayni paytda Qo’shma Shtatlar Sudanda o’z vakiliga ega. Keyinchalik elchi tayinlanishi ham ehtimoldan xoli emas.
Obama ma’muriyati Sudanning Darfur mintaqasidagi gumanitar va iqtisodiy ahvol bilan tanishgach, bir qarorga kelishini aytmoqda.