Dunyoning genotsid va boshqa dahshatli jinoyatlarni boshdan kechirgan, millionlab insonlar halok bo’lgan nuqtasi – Sudanga vanihoyat tinchlik kelmoqda.
Mamlakat janubi, 10 shtatdan iborat hudud, o’tgan oy referendum o’tkazib, shimoldan ajralish masalasini ovozga qo’ygan edi. Natija shuki, aholining 99 foizi mustaqillik uchun ovoz bergan. Jahon xaritasida yangi davlat paydo bo’lish arafasida.
Sudan markaziy hukumati, Afrika Ittifoqi va qit’aning hukumatlar-aro taraqqiyot agentligi referendum natijalarini tan olmoqda. Asosan, nasroniylar yashovchi janubiy Sudan shu yilning yozida suveren mamlakat deb e’lon qilinishi kutilmoqda.
Janubda hukmron partiya, Sudan Xalq Ozodlik harakati bosh kotibi Pagan Amum deydiki, odamlarning xohish-irodasi shu ekan, tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerak.
“Bilasiz, davlatchilik kitobdan o’rganadigan narsa emas. Maktab yoki oliygohda ham buni sizga o’rgatishmaydi. O’zimiz yengni shimarib, harakat qilamiz”, - deydi rasmiy.
Referendum shimol va janub o’rtasida qonli urushga yakun yasagan 2005 yilgi kelishuvning asosiy sharti edi.
9-15 yanvar kunlari o’tgan saylov xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan erkin va adolatli deya olqishlangan. Ammo jarayonning birinchi kunida chegara hudud, Abye shahrida otishma va zo’ravonlik kuzatilgan.
Referendum bir haftada o’tdi ketdi, ishning asosiy qismi hali oldinda. Afrikaning eng yirik davlati ikkiga bo’linar ekan, avvalo chegarani belgilab, tabiiy resurslar, suv zaxiralarini adolatli tarzda taqsimlash lozim.
Shimol va janub o’rtasida eng nozik muzokaralar neftga boy Abye mintaqasi ustida ketmoqda. 2005 yilgi kelishuvga binoan, bu hudud maqomi alohida referendumda hal etilishi kerak edi, biroq reja amalga oshmadi. Endilikda bir taklif shuki, qay tomonga qo’shilishni bu yerda yashovchi qabilalarning o’zi hal qilsin.
Tabiiy boyliklar ustidan tortishuv, deydi tahlilchilar, yana bir mojaroga turtki bersa, ajabmas.
Janubiy Sudan rasmiylarining aytishicha, yanvarda o’tgan referendum shimoldagi hukumat bilan yangicha munosabatlar qurishga ham imkon berdi.
“Oradan shuncha urush-mojarolar o’tdi, endi aloqani o’zaro hurmat va hamkorlik ruhida, yangi sahifadan boshlasak, ma’qul ish bo’lardi”, - deydi Pagan Amum, Sudan Xalq Ozodlik harakati rahbari.
Janub ahli hukumat tuzib, yangi davlatning bosh qomusini yozishga kirishar ekan, hujjat loyihasi tanqid ostida. Chunki unda muxolifat va fuqaro jamiyatining roli haqida hech narsa deyilmagan.
Rasmiylarning ishontirib aytishicha, hukumat boshqaruvida barcha siyosiy partiyalar ishtirok etadi. “Hech kimni siyosatdan chetlashtirmoqchi emasmiz”, - deydi Pagan Amum.
Mutaxassislarning aytishicha, bo’lajak davlat, Janubiy Sudan hududi oltin, mis va temir zaxiralariga boy, lekin ularni o’zlashtirish uchun xorijiy sarmoya kerak.
Bugun region asosan neft hisobiga kun ko’radi, quvurlar esa shimol hududidan o’tgan. Bu degani, shimoliy va janubiy Sudan bir-biriga kerak. Daromadni bo’lishib, yonma-yon tinch hayot kechirishdan har ikki tomon manfaatdor.