Breaking News

Dunyo xaritasida yangi bir davlat - Janubiy Sudan


Poytaxt Jubada tantanalar
Poytaxt Jubada tantanalar

Janubiy Sudan parlamenti spikeri Jeyms Vani bugun poytaxt Jubada mustaqillik deklaratsiyasini o’qib berdi.

Minglab, mag’rur fuqarolar ko’z oldida Janubiy Sudan bayrog’i ko’tarildi.

Keyin esa prezident Salva Kiir qasamyod keltirdi.

“Bosh qomusimizni oliy qonunni hurmat qilishga va xalqim tinchligi va farovonligi uchun xizmat qilishga so’z beraman”,- dedi u.

Shu tariqa 9 iyul Janubiy Sudan tarixiga mustaqillik, davlatchilikka asos solingan kun sifatida kirdi.

Salva Kiir, Janubiy Sudan prezidenti
Salva Kiir, Janubiy Sudan prezidenti

Tantanalarda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va AQShning tashkilotdagi elchisi Syuzan Rays qatnashmoqda.

Pan Gi Mun yangi davlat rahbarlari va fuqarolarini huquq va qonunga eng ustuvor qadriyat deb qarab, adolat, mehr-muhabbat, ezgulik va insoniylikka undamoqda.

AQSh elchisi Syuzan Rays esa Janubiy Sudan xalqi uchun jon kuydiradigan, oshkora ishlaydigan va korrupsiyadan xoli tuzum qo’lida bo’ladi deya umid bildirdi.

Mustaqillik uchun shu yilning yanvar oyida o’tgan referendumda ovoz berilgan edi. Avval Sudanning bir qismi edi.

21 yillik mojaro ketidan 2005 yilda tomonlar tinchlik sulhi imzolagan.

Janubiy Sudan juda qashshoq, lekin iqtisodiy imkoniyatlari katta
Janubiy Sudan juda qashshoq, lekin iqtisodiy imkoniyatlari katta

“Xalq nima desa shu”,- deydi Sudan vaziri Bakri Hasan Solih. “Janubiy Sudanni davlat sifatida tan olamiz”,- deydi u.

Misr va AQSh ham kecha bu yangi mamlakatni tan olgan.

“Urushlar va mojarolar barham topib, bu yurt xalqi oz’ taqdirini qo’liga olmoqda. Yangi davlat qurish oson emas, biz ularni quvvatlaymiz va bu jamiyatga muvaffaqqiyat tilaymiz”,- deydi prezident Barak Obama.

Mustaqillik nashidasi
Mustaqillik nashidasi

Janubiy Sudanning taxminan 13 millionlik aholisi qashshoq va aksariyati savodsiz. Rivojlanish shu qadar sustki, hatto poytaxt Jubada yo’llar va tizim harob.

Lekin mamlakat iqtisodiy jihatdan katta potensialga ega. Neftga boy. Abyei mintaqasidagi zaxira dunyodagi eng yiriklaridan deya qayd etiladi. Lekin hudud Sudan va Janubiy Sudan orasida hamon talash.

Referendumdan keyingi oylarda Janubiy Sudanda qabilaviy urushlar avl oldi. BMT hisobicha 2300 dan ziyod fuqaro o’lgan. Kamida yetti qabilaviy jangari guruhlari mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG