AQSh Prezidenti Donald Tramp 27-yanvar kuni yetti musulmon davlatdan 90 kun davomida hech kimni qabul qilmaslik haqida farmon berdi. Diplomatik vizalar bundan mustasno.
Trampning aytishicha, yangi tartib "radikal islomiy terrorchilarni" Amerikaga kiritmaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.
Farmonga ko'ra, shuningdek, 120 kun davomida hech bir davlatdan AQShga qochoqlar qabul qilinmaydi. Bu muddat ichida qochqinlarni qabul qilish va tekshirishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.
Yangi tartibga ko'ra, asosan, musulmonlar yashovchi yetti mamlakatdan keluvchilar uchun 90 kun davomida barcha viza turlari bekor qilindi.
Bu davlatlar - Iroq, Suriya, Eron, Sudan, Liviya, Somali va Yaman. Avvalroq bu muddatning 30 kun bo'lishi kutilayotgan edi, ammo farmon matni e'lon qilingach, ularni uch oygacha AQShga kiritmaslik belgilangani ma'lum bo'ldi.
Yangi choralar ko'plab huquq faollarining noroziligiga sabab bo'lmoqda. So'nggi xabarlarga ko'ra, farmon imzolanishidan oldin vizani qo'lga kiritgan ko'plab xorijliklar va allaqachon shu vizalar asosida AQShga qarab yo'lga chiqqanlar ham ortga qaytarib yuborilmoqda. Hatto nomi tilga olingan mamlakatlardan "grin karta" olib, AQShda doimiy yashash huquqini qo'lga kiritganlar ham, yangi farmonga ko'ra, AQShga kiritilmasligi mumkin, degan xavotirlar mavjud.
Shu kuni AQSh rahbari harbiy sohani rivojlantirish va ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga oid farmonga ham imzo chekdi.