AQSh rahbari Donald Tramp 19-may kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Islom uchun muqaddas dargohlar joylashgan bu mamlakatdan turib, u musulmon ahliga murojaat qiladi.
Amerika prezidenti 50 dan oshiq musulmon davlatlarning rahbarlari bilan tushlikdan so'ng, radikalizm va islom haqida so'zlaydi, deydi Oq uyda milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi H.R. Makmaster.
Tramp prezident sifatida xorijga ilk bor safar qilmoqda. Saudiya Arabistonidan tashqari Isroil va Vatikanda ham bo'ladi. Maqsad - yirik dinlarning markazlariga borib, ularga hurmatini izhor etish. U, shuningdek, Falastin, Italiya va Belgiyada ham bo'ladi.
Tramp odatda islomni tanqid qilib tanilgan. Islomiy terrorizm va islomiy radikalizm degan tushunchalarni ishlatadi. Prezidentlikka kelishi bilanoq bir necha musulmon davlati fuqarolari uchun Amerika darvozasini yopishga harakat qildi lekin AQSh adliya tizimi bunga yo'l qo'ymadi. Prezident hamon bu qarorida qat'iy ekanini aytadi.
Eron, Liviya, Somali, Suriya, Sudan va Yamandan Amerikaga hech kim kiritilmasin, deydi Tramp. Uning nazarida bu davlatlardan terroristlar kelishi ehtimoli baland.
Riyodda Tramp Qirol Salmon bilan muzokara olib boradi. Ekstremizmga qarshi kurash yo'lida yangicha choralar haqida gaplashib olmoqchi.
Isroilda u Bosh vazir Benyamin Netanyahu bilan muloqot qiladi, shuningdek, nasroniylar uchun muqaddas joylarda ibodat qiladi.
Keyin esa u Baytullahmda Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashadi. Arablar yahudiy davlat bilan til topishishi kerak, deydi Tramp.
Vatikan va Rimdagi muzokaralar ketidan Tramp Bryusselga borib, NATO yig'inida qatnashadi. Keyin esa Sitsiliyada Katta Yettilikning sammitida ishtirok etadi.
Facebook Forum