Breaking News

Tramp, Mirziyoyev hamkorlikni kuchaytirish niyatida


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh-O`zbekiston o`rtasida diplomatik aloqa o'rnatilganiga 25 yil bo'ldi. Chorak asrlik munosabatlar murakkab ko'rinishga ega. Lekin tomonlar bir-birini bugun yaqin hamkorlar deb ataydi.

Musulmonlarga qarshi bayonotlari bilan tanilgan Donald Tramp va islohotlar va`dasi bilan hukumatga kelgan Shavkat Mirziyoyev davrida o'zaro munosabatlarda qanday o`zgarishlar kutilayotgani hozircha noma'lum.

Chorak asrlik diplomatik aloqalar munosabati bilan o`zaro tabrik almashgan yangi prezidentlar hamkorlikdan manfaatdor ekanini aytgan.

AQSh-O`zbekiston alolaqarining 25 yilligi o`zaro munosabatlardagi siyosiy bir davrni yakunlab bermoqda. Bu vaqt ichida AQSh O`zbekistonning eng yaqin stretegik ittifoqchisiga ham, beqarorlik keltirib chiqaruvchi xorijdagi “dushman”ga ham aylanib ulgurdi.

O`zbekistonda bu tarixni Islom Karimov va uning siyosati belgiladi. Karimov vafoti ortidan yangi rahbar marhum prezident siyosatini davom ettirishga va`da berdi, ammo tabiiyki, bugun vaziyat boshqacha.

Shavkat Murziyoyev diplomatik yubiley munosabati bilan Oq uyga yozgan tabriknomasida O`zbekiston tashqi siyosatdagi tamoyillariga sodiq qolishini, an`anaviy munosabatlarni saqlab, hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan manfaatdor ekanini aytgan.

O`zbekiston matbuoti Trampning maktubini yoritar ekan, AQSh O`zbekiston mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, shuningdek, prezidentning mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan siyosatini qo`llab-quvvatlaydi va kelgusida ham mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik yo'lida birga ishlashda davom etadi, deya izoh berdi.

Munosabatlarda inson huquqlari nozik masala. Nafaqat O'zbekiston hukumati, balki bu avtoritar tuzum bilan hamkorlikda inson huquqlariga e`tiborni susaytirgan Vashington ham tanqid ostida.

Tramp erkinlik targ'ibotiga qanchalik e'tibor qaratishi mumkin?

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tahlilchisi Alisher Ilhomovga ko`ra, musulmon qochqinlarning AQShga kirishini taqiqilash diniy muxolifat keskin ta'qibda bo`lgan O`zbekiston kabi davlatlar tomonidan quvvatlanadi.

“Markaziy Osiyoda tazyiqqa olinayotgan musulmonlarning aksariyati faollar, diniy muxolifat vakillari. Buni Tojikiston, O`zbekistondagi tazyiqlar misolida aytish mumkin. Shunday ekan, musulmon qochqinlarni AQShda qabul qilmaslik haqidagi qaror, bayonotlar O`zbekistondagi kabi rejim rahbarlari uchun yaxshi xabar”, - deydi u.

Mirziyoyevning prezident sifatidagi ilk safari Moskvaga rejalangan. Toshkent geosiyosiy munosabatlarni qayta ko`rib chiqishi mumkin.

Ammo Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir deydiki, O`zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi harbiy, siyosiy va iqtisodiy bloklarga qaytishi mumkinligi haqiqatdan uzoq.

“Aloqalarda burilish bo`lmaydi, buning uchun Rossiya-O`zbekiston maqsadlari bir joydan chiqishi kerak. Rossiyaning asosiy maqsadi O`zbekistonni harbiy tashkilotga (KXSh) qaytarish, O`zbekistonda harbiy bazalarini joylashtirish. Bular esa O`zbekistonda qonunchilik bilan taqiqlangan. O`zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo bo`lishi ham ehtimoldan uzoq, manfaatlariga to`g`ri kelmaydi”, - deydi u.

O`zbekiston tashqi siyosati Karimov davrida shakllangan. Unga ko`ra, mamlakat harbiy siyosiy ittifoqlarga qo`shilmaydi, xorij harbiy bazalarini o`z hududida joylashtirmaydi va qurolli kuchlarini mamlakat tashqarisidagi amaliyotlarga jo`natmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG