Markaziy Osiyo ommasi mintaqa o’lkalari hamda buyuk davlatlar rahbarlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasidagi nutqlarini muhokama qilmoqda. Prezidentlarning yuksak minbardan chiqishlari qanday fikr-mulohazalar uyg’otdi? BMTning mintaqadagi ko’p sonli idoralari faoliyati, ushbu xalqaro tashkilot mamlakatlarning taraqqiyotiga qo’shayotgan hissa haqida nima deyish mumkin?
Aytish joizki, Qirg’izistonda BMTning 22 idorasi ish yuritayotgan bo’lib, so’nggi 10 yil mobaynida ular o’lkaga 500 million dollar kiritgan.
O’shlik qalamkash va tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev rasmiy Toshkentning mintaqa davlatlari bilan barcha masalalar bo’yicha oqilona murosa qilish maqsadini olqishlaydi. Ma’lumki, tegishli bayonot Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT minbaridan takrorlandi.
“Mirziyoyev zikr qilingan kompromisslarga borayotganini butun mintaqaga namoyish qildi. Aytaylik, ko’p yillardan beri yechilmay kelayotgan chegara masalalari hal qilina boshladi. BMTda Toshkent Markaziy Osiyo konfliktlardan xoli, hamjihatlikka yuz tutgan mintaqa ekani, bu joyga katta sarmoyalar kiritish maqbulligini ko’rsatdi, menimcha”, - deydi tahlilchi.
Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning nutqini izohlar ekan, suhbatdosh darhaqiqat ushbu mamlakatda tinchlik, ahillik, barqarorlik ildiz otgani, parlament boshqaruvi rivoj topa boshlaganini urg’ulaydi.
Taniqli diplomat, hozirda Bishkek Davlat universitetining dosenti Japarqul Birimqulov deydiki, aynan BMT Bosh Assambleyasida aytilgan mintaqaviy ahillik va hamkorlik borasida yaxshi niyatlar O'zbekistonga katta majburiyat yuklaydi. Va bu o’rinda amaliy ishlar vaqti keldi.
AQSh Prezidenti Donald Trampning ehtirosli va shiddatkor nutqi, Shimoliy Koreya, Eron, Kuba va Venesuelaga nisbatan do’q-po’pisalar, Vashingtonning kurramizda yetakchilikka davogarligi Markaziy Osiyolik mutaxassislarni taajjubga solmadi.
Japarqul Birimqulov nazarida, AQShdagi hokimiyatning turli butoqlari, harbiylar va matbuot tomonidan qisib qo’yilgan prezidentning o’zga chorasi yo’q ko’rinadi.
Qirg’izistonda BMTning Taraqqiyot dasturi ko’p yillardan buyon turli jabhalarda loyihalarni amalga oshirmoqda. Ko’pchlik, shuningdek, Bolalar Jamg’armasi, Inson huquqlari bo’yicha Boshqarma, Oziq-ovqat dasturi, ayollar bilan ish olib boruvchi loyihalar faoliyatidan xabardor.
Aytish lozimki, BMT tashabbusi bilan xalqaro hamjamiyat 2010-yil voqealaridan jabr tortgan O’sh va Jalolobod shaharlarining tiklanishiga katta hissa qo’shgan.
Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda “BMT orqali ajratilayotgan ulkan mablag’ naqadar o’rinli sarflanayotir” degan savol ochiqligicha qolmoqda. Japarqul Birimqulov axboroticha, pullarning bosimli qismi BMT idoralarining o’z ehtiyoji uchun ishlatiladi.
“Xorijdan taklif qilinayotgan mutaxassislarning bir kunlik maoshi 5 ming AQSh dollariga yetishi haqida ma’lumotlar o’z tasdiq’ini topdi, va bu hol bizlarni lol qoldirdi. Malakasi ularnikidan kam bo’lmagan mahalliy xodimlarning moyanasini hech taqqoslab bo’lmaydi. Bu hol nufuzli tashkilot obro’siga putur yetkazadi. Pulni behuda sochmasdan kerakli joyga sarflagan ma’qul emasmi?”, - deydi siyosatshunos.
Suhbatdoshning aytishicha, mustaqillikning dastlabki yillari rasmiy Bishkek kim nima bersa olavergan. Vaholanki, taklif qilingan loyihalarda iqtisod kabi asosiy yo’nalishlarga yetarli e’tibor berilmay kelingan.
“Endi hamkorlik yo’nalishlarini chuqur tahlil qilib, eng kerakli loyihalarni tanlab olish joiz. Bu, albatta, ko’p jihatdan o’zimizning hukumatga, hokimiyatga bog’liq”, - Birimqulov.
Facebook Forum