Prezident Barak Obama yaqinda Vyetnamga safar qilishidan oldin "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti unga maktub yo'lladi. Kommunist rahbarlar bilan muloqotda repressiya, siyosiy mahbuslar, matbuot erkinligi kabi masalalarni albatta ko'taring, deyiladi unda.
Maktubda tasvirlangan repressiyaga Obamaning o'zi guvoh bo'ldi. U bilan ko'rishmoqchi bo'lgan faollar bir necha soat oldin organlar tomonidan ushlangan.
"Mamlakat tanlamaydigan shunday universal qadriyatlar borki, ularni har yerda targ'ib qilamiz", - dedi Obama Xanoyda faollar bilan uchrashuvda.
AQSh rahbari Vyetnamdan so'ng Yaponiyaga jo'nab ketdi, ammo uning so'zlari o'lkada biror o'zgarish yasaydimi? Islohotni targ'ib qilishning eng ma'qul yo'li shumi?
"Bu kabi muloqotlar muhim va uzoq muddatda samara beradi", - deydi professor Jeyms Goldgiyer. "Yopiq jamiyatlar bir kunda o'zgarmaydi".
Sovuq urush davrini eslang. Ham kuch bilan, ham muloyim gap bilan ko'p narsaga erishganmiz o'shanda, deydi diplomatiya bo'yicha mutaxassis Sintiya Shnayder. Madaniy dasturlarning roli haqida gapirar ekan, Temir parda orqasidagi insonlarni musiqa-jazz bilan erkinlikka, hurriyatga undash edi maqsad, deydi u.
Markaziy va Janubiy Amerikada diktatorlik rejimlari hukmron bo'lgan 1970-yillarda Prezident Jimmi Karter demokratiya va inson huquqlari bayrog'ini baland ko'tardi.
"Tashqi siyosatda bu mavzu shuncha e'tiborga loyiqmi, deb tanqid qilishgan uni", - deydi professor Goldgiyer. "Ammo yillar o'tishi bilan butun mintaqada demokratizatsiya jarayoni jadallashganiga guhov bo'ldik".
Bu masalalarga Barak Obamaning yondashuvi boshqacharoq. Prezident ko'pincha Amerikaning o'zida ham muammolar borligini, o'z boshqaruv uslubini boshqa davlatlarga o'tkazish niyati yo'qligini qayd etadi.
"Vyetnam suveren va mustaqil davlat, buni hurmat qilamiz. Lekin unga inson huquqlari, xususan, so'z va e'tiqod erkinligi haqida eslatishda davom etamiz", - dedi Obama Xanoyda o'tgan matbuot anjumanida.
AQSh rahbari xavfsizlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash barobarida islohot talabini ham olg'a suradi. 2014-yilda Myanmaga tashrifi chog'ida u siyosiy reformalarni olqishlab, shu yo'lda davom etishga undagan edi.
O'tgan yili noyabrdagi saylov ketidan bu mamlakatda harbiylar hokimiyatni yangi rahbarlarga topshirdi. Natijada AQSh ayrim sanksiyalarni bekor qilmoqchi.
Obama Oq uyga saylanigandan ko'p o'tmay, islom dunyosi bilan aloqalarni tiklashga kirishgan edi.
"2009-yili Qohirada qilgan nutqi juda ijobiy qarshi olingan, lekin uning ortidan hech qanday aniq qadamlar tashlanmadi", - deydi professor Shnayder.
Buning ustiga, Qo'shma Shtatlar Misrdagi har bir yangi rahbarni, jumladan repressiyani oshirgan Prezident Abdul Fattoh Sissiyni quvvatlab kelmoqda. Chunki ular bizdan qurol-aslaha sotib olishi inson huquqlaridan muhimroq, deydi ekspert.
Xatomiz shuki, deydi Shnayder, AQSh ko'pincha tor strategik maqsadlarni ko'zlaydi, xavfsizlik va iqtisodiy aloqalarni har narsadan ustun qo'yadi.
"Demokratiya, erkinlik va adolat timsoli bo'lib qolish - strategik manfaat. Lekin Yaqin Sharqda bu pozitsiyamizni allaqachon boy berib bo'lganmiz", - deydi u.
Boshqa tomondan, Obama ma'muriyatining dunyo bo'ylab yosh tadbirkorlarni, xususan, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash dasturlari olqishga sazovor, deydi professor.