Breaking News

Obama: Kuba bilan jiddiy kelishmovchiliklar bor, ammo kelajakdan umidimiz katta


AQSh Prezidenti Barak Obama Kuba rahbari Raul Kastro bilan matbuot anjumanida, Gavana, Kuba, 21-mart, 2016-yil
AQSh Prezidenti Barak Obama Kuba rahbari Raul Kastro bilan matbuot anjumanida, Gavana, Kuba, 21-mart, 2016-yil

Kubaga tashrif buyurgan AQSh rahbari Barak Obama Kuba bilan aloqalar iliqlashganini olqishladi, ammo demokratiya va inson huquqlari masalasida jiddiy tafovutlar mavjudligini ham qayd etdi.

Kuba Prezidenti Raul Kastro Vashingtonning savdo va sayohatga qo'yilgan to'siqlarni bekor qilishga qaratilgan harakatlarini olqishladi. U AQShni 55 yillik iqtisodiy embargoni butunlay tugatishga chaqirdi.

Kuba rahbari, shuningdek, Obamadan AQSh ijaraga olgan Guantanamo qamoqxonasi joylashgan yerni Gavanaga qaytarishni so'radi.

Prezident Obama Kastro bilan qator masalalarda, jumladan, demokratiya va inson huquqlari borasida ochiq muloqot olib borganini aytdi.

"O'rtamizdagi jiddiy tafovutlar davom etadi. Ammo biz shuni deb aloqalarni to'xtatib qo'ymasligimiz kerak. Prezident Kastro konstruktiv islohot va muzokaralar uchun tayyor ekanini bildirdi", - dedi Obama.

Siyosiy mahbuslar haqida jurnalistlardan tushgan savolga javoban Kastro bizda bunday mahbuslar yo'q, dedi.

"Menga siyosiy mahbuslarning ismlarini, ro'yxatini bering. Agar shunday mahbuslar bo'lsa, bugunoq ozod qilaman", - dedi u.

Prezident Obama Kuba-AQSh aloqalarining kelajagi yanada yaxshiroq bo'lishidan umid bildirdi.

"Oldimizdagi yo'l oson bo'lmaydi. Ammo qiyinchiliklarga qaramay, olg'a yurishda davom etamiz. Biz kelajakka e'tibor qaratyapmiz. Agar shu yo'lda davom etsak, Kuba va Amerika xalqiga yanada yaxshiroq kelajakni bera olishimizga ishonchim komil", - dedi AQSh rahbari.

Obama so'nggi 90 yilda Kubaga tashrif buyurgan ilk AQSh prezidenti bo'ldi.

U Kastro bilan uchrashuv oldidan Gavanadagi Inqilob maydonida milliy qahramon Xose Marti haykali poyiga gulchambar qo'ydi.

Shahar ko'chalari Obamani ko'rishga chiqqan aholi bilan to'ldi. Ular AQSh rahbarini xursandchilik va olqishlar bilan kutib oldi.

Obama tashrifining birinchi kunida Gavananing tarixiy, eski mavzesini aylandi, mahalliy sobor kardinali bilan uchrashdi.

Bundan tashqari, u Kuba fuqarolik jamiyati a’zolari va inson huquqlari faollari bilan ham uchrashishi rejalagan.

Obama safaridan oldin Gavanada bir necha dissident hibsga olingan.

AQSh rahbari uch kunlik tashrifi davomida Kuba xalqiga televideniye orqali murojaat qilishi hamda ikki davlat jamoalari o'rtasida bo'ladigan ko'rgazmali beysbol o'yinini tomosha qilishi kutilmoqda.

AQSh delegatsiyasi tarkibida Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan bir necha qonunchi, yirik shirkatlar rahbarlari va taniqli kubalik-amerikaliklar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG