AQSh prezidenti Barak Obama bugun Kubaga tashrif buyurdi. So'nggi bor AQSh rahbari orol davlatda salkam 90 yil oldin bo'lgan. O'shanda Prezident Kalvin Kulij Kubada bo'lgan edi.
1959-yilda esa Fidel Kastro boshchiligidagi isyonchilar AQSh xayrixoh Fulgensio Batista hukumatini ag'dargach, Amerika Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzdi.
Obama esa o'tgan yil dekabrida munosabatlarni tiklashga qaror qildi.
AQSh rahbari Kuba Prezidenti Raul Kastro bilan uchrashishi kutilmoqda, biroq uning akasi, Kuba inqilobi yetakchisi, sobiq rahbar Fidel Kastro bilan ko'rishmaydi.
AQShda Kastro rejimi tanqidchilari Obamaning orolga safar qilayotganidan norozi. Ular nazarida Kuba hukumati AQSh bilan aloqalarning tiklanganidan o'z foydasiga foydalanib, inson huquqlarini yaxshilamaydi, siyosiy islohotlarga qo'l urmaydi.
Obama Kuba rahbarlari bilan bu mavzularni ko'tarishini bildirdi. Amerika prezidenti kubalik dissidentlar va tadbirkorlar bilan ham uchrashmoqchi.
Oilasi bilan safarga chiqqan Obama Gavana ko'chalarini aylanib, shaharda ko'rgazmali beysbol matchini tomosha qiladi - Amerikaning "Tampa Bay Rays" klubi Kuba milliy terma jamoasi bilan bellashadi.