Breaking News

Kuba ahli Obamani sabrsizlik bilan kutmoqda


"Kubaga marhamat" deb yozilgan plakatda Kuba rahbari Raul Kastro va AQSh Prezidenti Barak Obama. Gavana, 17-mart, 2016-yil
"Kubaga marhamat" deb yozilgan plakatda Kuba rahbari Raul Kastro va AQSh Prezidenti Barak Obama. Gavana, 17-mart, 2016-yil

Kubadagi eng katta sport stadionida ta’mirlash ishlari avjida. Poytaxt Gavana ahli ta’mirlash xo’jako’rsinga qilinayotganini aytadi. Stadiondan bir necha metr narida buzilgan imoratlarni ko’rasiz.

Dushanba kuni kubaliklar AQSh Prezidenti Barak Obamani kutib oladi. So’nggi 90 yilda ilk bor AQShning amaldagi rahbari orolga tashrif buyurmoqda.

Kubaliklar xursand. Ko’p joylarda Amerika bayroqlari osilgan. Muxolifat esa xursandchilikka hojat yo’q, deydi.

“Muhim voqea, albatta. Tarixiy. Amerika prezidenti mamlakatimizga kelganiga 80 yildan oshdi", - deydi mustaqil jurnalist Miriam Selaya. "Yarim asrdan ko’proq davr mobaynida taraflar orasida ziddiyat kuchli edi. Ammo Amerika prezidenti kelib-ketishi bilan Kubadagi vaziyat o’zgarib qolmaydi. Buni biz yaxshi bilamiz”.

Kubada rok yulduz

Kubada Obamaning obro’si juda baland. So’rovlarga ko’ra, aholining 80 foizi u haqda ijobiy fikrda. Obamaning reytingi hozirgi Kuba rahbari Raul Kastronikidan ikki baravar baland (47 foiz).

“Somos Más” muxolifat guruhi rahbari Eliser Avilaning aytishicha, yosh kubaliklar “Obama – mening prezidentim” deydi.

“Progressiv spektr” tashkiloti rahbari Manuel Kuesta Morua ham bu gapga qo’shiladi. Unga ko'ra, Kubadagi eng mashhur siyosatchi – Barak Obama.

Orolning turli qismlaridan kubaliklar poytaxt Gavanaga yo’l olmoqda – AQSh rahbarini ko’rish uchun. Ayrimlari katta mashina yoki avtobuslar yollab, poytaxtga kelmoqda. Aksariyat kubaliklarning oylik maoshi 20 dollar atrofida, mashina ijarasi ular uchun katta xarajat, deydi Kuesta Morua.

Aksar kubaliklar fikricha, Obamadan o'rnak olib, Prezident Kastro ham o'z xalqi bilan boshqacha muloqot qiladigan bo’lgan.

“Kastroni xalq orasida ko'rmaysiz. Lekin yaqinda u Santyago ko’chalarini aylandi. Nazarimda, u G'arbdagi siyosatchilar singari odamlardan hol-ahvol so'rab, ularning dardiga quloq tutadigan rahbardek o'zini ko'rsatishga harakat qilayapti", - deydi Avila.

Uzoq kutilgan o'zgarishlar

Biroq Vashington-Gavana aloqalari tiklanganiga qaramasdan, Kubada vaziyat o’zgarmayapti, deydi dissidentlar. Hukumat muxolifatni ta’qib qilishda davom etmoqda.

Repressiya kuchaygani – haqiqat, deydi suhbatdoshlar. Islohot talabi bilan chiqayotgan fuqarolarni, jamiyatni siquvga olishyapti, chunki biz ham hukumatdan ko’proq narsa talab qilayapmiz, deydi Kuesta Morua.

Boshqalar ham bu fikrga qo’shiladi.

“Repressiya kuchayishi bilan birga muxolifat ham faollashdi. Kubaliklar, ayniqsa, demokratiya tarafdorlarining ortiq chidab o'tirishga holi yo'q", - deydi jurnalist Miriam Selaya. Hayot og’ir. Narx-navo oshib, ishsizlar ko’payib borayapti.

Kuba hukumati xalq uchun jon kuydirmaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG