Breaking News

AQSh va Kuba orasida ziddiyatli masalalar talay


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri AQShning Gavanadagi elchixonasida bayroq ko'tarish marosimida, 14-avgust, 2015-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri AQShning Gavanadagi elchixonasida bayroq ko'tarish marosimida, 14-avgust, 2015-yil

AQSh va Kuba o’rtasida diplomatik aloqalar tiklandi, ammo davlatlar oldida yarim asrlik ziddiyatli muammolar turibdi.

Fidel hamda Raul Kastrolarning 50 yillik hukmronligiga qarshi fikrlari uchun AQSh himoyasida bo’lgan dissidentlar Jon Kerri ishtirok etgan marosimga taklif etilmadi. Gavanadagi elchixona ularsiz ochildi.

Amerika diplomati keyinroq Ganavadagi missiyasi rahbarining uyida bir necha muxolifatchilar bilan uchrashdi. U, shuningdek, ayrim rahbarlar va Kuba Katolik cherkovi yetakchisi bilan ko’rishishni rejalagan, ammo Kastrolar bilan emas.

“Telemundo” kanaliga bergan intervyusida Kerri bayroq ko’tarish hukumatlar o’rtasidagi rasmiy tadbir ekanini aytib, fuqarolik jamiyati vakillarini ham qamrab oluvchi yig’inni keyinroq o’tkazish rejalanganini aytgan.

“Kuba hukumati bilan bu yerda to’g’ridan-to’g’ri diplomatik aloqalarga kirishish orqali Kuba xalqi bian ham aloqa o'rnatamiz. Bu Kuba ahliga yordam beradi”, - dedi Kerri.

Kuba AQShning janubi-sharqiy sohilidan 145 kilometr narida joylashgan. Inqilobchi Fidel Kastro 1959-yil mamlakatda hokimiyatni qo’lga olgach, 1961-yil Amerika Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzgan. Amaldagi prezident Raul Kastro va AQSh rahbari Barak Obama o’tgan yili dekabrda rasmiy munosabatlarni qayta boshlash haqida kelishib olgan edi. Shundan beri biznes, savdo va sayohatga qo’yilgan cheklovlarni yumshatish bo’yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Muammolar hali ko’p

Obama aloqalarni tiklashga qaror qilgani bilan, tomonlar o’rtasida bahsli mavzular ko’p. Florida shtatida yashovchi ko’plab kubaliklar Kastro hukumati bilan aloqa o’rnatilganidan norozi. Respublikachilar orasida ham qarshilar ko’p.

Floridalik senator va prezidentlik uchun respublikachi nomzod Marko Rubio Kuba bolalarning jinsiy qullikka majburlanishini to’xtatish bo’yicha hech narsa qilmagan bo’lsa ham Davlat departamentining inson savdosiga oid yillik hisobotida bir pog’ona yuqoriga qo’yilganini keskin qoraladi

“Ma’muriyatning odam savdosi bo’yicha Kubani asossiz tarzda yuqoriga ko’targani AQShning, hozirgi prezident davrida, Kuba yoshlarini Kastro rejimidan himoyalash o’rniga faqat siyosiy maqsadlarni ko'zlaganini ko’rsatadi”, - deya yozadi Rubio Kerriga atalgan maktubida.

Davlat departamenti hisoboti Kubani eng quyidagi 3-darajadan olib, kuzatuv ostida bo’lgan davlatlar turuvchi ikkinchi pog’onaga qo’ygan.

Vashintondagi Milliy matbuot klubi prezidenti Jon Hyus Kerrini Kuba siyosatida axborot va internet erkinligiga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Jamoatchilik nazorati bo’lmagan davlatda korrupsiya, mehnat sharoitlari va inson huquqlari borasida ijobiy o’zgarish bo’lishi qiyin. Bunga esa matbuot erkinligi bilan erishish mumkin, - dedi Hyus. – Shuning uchun AQSh o’z ixtiyoridagi barcha imkoniyatlardan foydalanib, Kubada axborotning erkin yoritilishi va tarqatilishini qo’llab-quvvatlashi kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG