AQSh Prezidenti Barak Obama may oyida ilk bor Vyetnamga borishi kutilar ekan, Qo’shma Shtatlar bu mamlakat hukumatini barcha siyosiy mahbuslarni ozod etishga va fuqarolik jamiyati faollarini ta’qib etishni bas qilishga chaqirmoqda.
“Inson huquqlari AQSh tashqi siyosati va AQSh-Vyetnam sherikligidagi muhim yo’nalishlardan”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi.
Dushanba kuni Vashingtonda AQSh va Vyetnam o’rtasida Inson huquqlari muloqotining 20-majlisi o’tkazildi.
Unda Vyetnamda inson huquqlariga doir qonunchilikni isloh qilish harakatlari, qonun ustuvorligi, so’z va uyushish erkinligi, diniy erkinlik, mehnat huquqlari, nogironlar huquqlari, ozchilikdagi jinsiy guruhlar huquqlari hamda ta’qibga uchragan yoki qamoqxonada o’tirgan muayyan shaxslar ishi bo’yicha fikr almashildi.
Jumladan, Qo’shma Shtatlar 2015-yil dekabrida hibsga olingan inson huquqlari advokati Nguyen Van Day masalasi bilan qiziqdi. Huquqshunos Xanoyda Vyetnam-Yevropa Ittifoqi inson huquqlari muloqoti doirasida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuvdan oldin hibsga olingan.
Davlat departamenti Vyetnam hukumatidan Nguyen Van Day va boshqa faollarni ozod etishni so’radi.
AQSh, shuningdek, o’tgan yili besh yilga qamalgan blogger Nguyen Xu Vin masalasini ham ko’tardi. Unga davlat manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida ozodlik va demokratiya huquqlarini suiiste’mol qilganlik aybi qo’yilgan.
Qo’shma Shtatlar Vyetnamda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yillik hisobotida ham ta’riflaydi. Unga ko’ra, fuqarolarning siyosiy huquqlari keskin cheklangan, erkin va halol saylovlarga imkon yo’q, so’z va uyushish erkinligi oqsaydi, odil sudga umid yo’q, fuqarolarni asossiz hibsga olish keng tarqalgan.
Shu bilan birga, AQSh davlat kotibi muovini Entoni Blinken Blinken Vyetnam tomonidan Qiynoqlarga solishga qarshi konvensiyani hamda BMTning Nogironlar huquqlariga doir konvensiyasini yoqlaganini olqishladi.
Mamlakatda din haqida yangi qonun loyihasi muhokamada ekan, Blinken, shuningdek, hukumatning mahalliy diniy va fuqarolik jamiyatlari vakillari bilan bu borada maslahatlashayotganini ham maqtab, yangi qonun turli dinlarga sig’inuvchi fuqarolarning huquqlarini himoya etishiga umid qildi.