Kaliforniya shtatiVyetnamdan tashqarida eng ko'p vyetnamliklar yashaydigan joy. Muhojirlar orasida siyosiy faollar ko'p. Ular prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Tramp mavqeining oshib borayotganidan xavotirda.
Orenj okrugidagi Kichik Saygon deb ataluvchi shaharchada Vyentamdagi kommunistlar zulmidan qochib kelgan muhojirlar istiqomat qiladi. Le Hak Li oilasi bilan AQShga kelishidan oldin Janubiy Vyetnam armiyasida polkovnik bo'lgan. U hozir Amerika fuqarosi. Saylovlarda respublikachilarga ovoz beradi.
"Biz Respublikachilar partiyasini tashqi siyosatda kommunistlarga keskin qarshiligi bilan taniganmiz", - deydi u.
Vyetnamlik muhojirlar odatda respublikachilar tarafida bo'lgan. Ammo bu safargi saylov boshqacha.
"Ilk bor bunaqasini ko'rishim. Dahshat", - deydi Li.
Bu bilan u respublikachilardan asosiy nomzod Donald Trampga ishora qilyapti.
"Agar u prezident bo'lsa, AQSh dunyoda ko'plab do'stlarini boy beradi. Aksincha, o'ziga ko'proq dushman orttiradi", - deydi asli vyetnamlik muhojir.
"AQSh prezidentligi uchun Donald Tramp nomzodlikni qo'lga kiritsa va Oq uyga saylansa, bu xalqaro miqyosda AQShning mavqeiga salbiy ta'sir ko'rsatadi", - deydi yana bir saylovchi.
Hyu Tra vyetnamlik muhojirlar farzandi. U demokratlarga ovoz bermoqchi.
"Respublikachilar sirk ko'rsatayotganga o'xshaydi. Ko'ngilochar shou yoki teleko'rsatuvning o'zi. Yoshlar hozir bu narsalarni ma'qullamaydi, chunki oldimizda jiddiy masalalar turibdi", - deydi u.
Traning aytishicha, vyetnamliklar Trampning muhojirlarga oid aytgan gaplaridan norozi.
"Biz muhojirlarmiz, men muhojirman. Oilam esa qochoqlar. Tramp aytayotgan gaplar, uning ohangi hatto konservativ vyetnamliklarni ham saylovda qatnashishdan ko'nglini sovutyapti", - deydi u.
"Ayrimlar aslo ovoz bermoqchi emas", - deydi Li.
Keksa muhojirning o'zi ham, agar Tramp partiya nomzodligini qo'lga kiritsa, saylovda qatnashmaydi.