Kelasi chorak asrda Amerikada osiyolik elektorat ikki karra ko’payishi kutilyapti. Bu degani siyosatda ham katta o’zgarishlar bo’ladi. Osiyolik-amerikaliklarning eng yirik jamoasi Kaliforniya shtatida yashaydi. Ular orasida fuqarolikni qabul qilib, mahalliy hukumatga saylanishga harakat qilayotgan muhojirlar ham bor.
Osiyolik-amerikaliklar poygada o’ziga xos qiyinchiliklar bilan yuzlashadi.
“Birinchidan, yuzim rangi boshqacha”, - deydi Suki Kang.
“Eshikni taqillatsam, bir ayol ochdi. Osiyolikka hech qachon ovoz bermayman, deb ro’yirost aytdi”, - deydi Ling Ling Chang.
Shunga qaramasdan, muhojirlar siyosatga kirib bormoqda, xususan Kaliforniya shtatida.
Koreyalik immigrant Suki Kang - Demokratik partiya a’zosi. Amerikaga 23 yoshida kelgan. Kaliforniya shtati Senatiga saylanish umidida.
Uning respublikachi raqibi Ling Ling Chang ham muhojir. Shtat qonunchilik palatasida ishlaydi. Chang Tayvandan AQShga ko’chib kelganida uch yoshda bo’lgan.
“Ayrim stereotip-qoliplardan qutulish kerak”, - deydi Chang.
Buning eng yaxshi yo’li, deydi ayol, saylovchilar bilan yuzma-yuz gaplashish, ularga quloq tutish. “Muloqot orqali odamlarning fikrini o’zgartirishingiz, o’zingizga qaratishingiz mumkin”, - deydi u.
Kaliforniyaning Irvayn shahar kengashida xizmat qilib, so’ngra mer etib saylangan Suki Kang ham yuqoridagi fikrlarga qo’shiladi.
“Mahallalarni rosa aylandim, eshikma-eshik yurdim. Yuzimni ko’rgan zahoti yoki demokrat ekanimni bilib, eshikni yopib qo’yishgan paytlar ham bo’ldi. Ammo men kampaniyamni davom ettiraverdim. Hisoblab ko’rsam, saylov kunigacha 20 ming xonadonga kirib chiqibman”.
Suki Kang va Ling Chang AQSh siyosatida tobora faollashayotgan muhojirlarga bir misol. Ham shaharlar, ham shtatlar darajasida o’xshash manzaraga duch kelasiz.
“Bu jarayonning hamon ilk bosqichidamiz. Ispanzabon hamda osiyolik immigrantlar Amerikada iqtisodiy va madaniy jabhalarda azaldan faol bo’lgan. Endilikda ular siyosiy sahnadagi imkoniyatlardan ham foydalanishga o’tmoqda”, - deydi siyosatshunos Den Shnur.
Suki Kang fikricha, bir shtat darajasidagi bu jarayonlar yaqin kelajakda butun mamlakat bo’ylab aks etadi.
“Osiyolik-amerikaliklar eng tez o’sayotgan jamoa. Ham iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan. Ham siyosatda”, - deydi u.
Ling Chang “senga hech qachon ovoz bermayman” degan ayol bilan til topishdik, deydi.
“Buni qarangki, menda ham, unda ham bir xil qurol bor ekan”, - deydi u.
Bu ayol Ling Ling Chang uchun ovoz ham bergan.