Breaking News

Xitoyning Ipak Yo'li loyihasida Gonkong katta rol o'ynamoqchi


Xitoyning Ipak Yo'li loyihasi xaritasi Gonkongdagi Osiyo moliyaviy forumida. 18-yanvar 2016-yil
Xitoyning Ipak Yo'li loyihasi xaritasi Gonkongdagi Osiyo moliyaviy forumida. 18-yanvar 2016-yil

Gonkong rahbarlari Xitoyning Osiyoni Yaqin Sharq, Yevropa va Afrika bilan bog’laydigan Ipak Yo’li loyihasida qatnashish istagini bildirdi.

Eslatish joiz, Gonkong - Xitoy janubidagi avtonom hudud.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Gonkong-Pekin aloqalarini yaxshilash tarafdori bo’lgan Yangi xalq partiyasi raisi Regina Ip ana shu haqda gapirdi. Qo'shnilar bilan do'stona siyosat Gonkong uchun koni foyda, deydi u.

“Biz Osiyo biznes jamoalari va xorijda yashaydigan xitoyliklar bilan qalin aloqalarga egamiz”, - deydi u.

Yanvar oyida Gonkong rahbari C.Y. Lung ham shahar Osiyoning turli qismlari o’rtasida ko’prik bo’lishini bashorat qilgan edi.

Xitoyning Ipak Yo’li loyihasi 65 mamlakat va 4,4 milliard odamning qatnashishini ko’zda tutadi. Uning doirasida bandargohlar, infratuzilma, temir va avtomobil yo’llari uchun milliardlab dollar sarmoya kiritish rejalangan. Pekin hisob-kitobiga ko’ra, iqtisodiy o’sishi sekinlashgan Xitoy uchun bu loyihalar ayni muddao bo’ladi.

O’tgan yili Xitoy Ipak Yo’li bo’ylab joylashgan 49 mamlakat iqtisodiga 13 milliard dollardan ko’proq mablag’ yotqizdi. Keyingi bosqichda Gonkong, Guandun viloyati hamda Makao portiga sarmoya kiritiladi va ular Ipak Yo’lining dengiz bo’ylab joylashgan muhim qismiga – portlar hamda moliyaviy markazlar joylashgan hududga aylanadi.

ANZ Banki bosh iqtisodchisi Reymond Yen fikricha, mablag’ topish va obligatsiyalar chiqarishda ilk bosqichda katta bozorga ehtiyoj yo’q, shu bois bu rolni Gonkong bemalol bajara oladi.

Gonkong - Xitoy valyutasining muhim ofshor (chet davlatdagi) moliyaviy markazi. Demak, u Pekinning Ipak Yo’li tashabbusidan katta foyda ko’rishi mumkin.

Loyiha amalga oshirilishini tezlatish maqsadida Xitoy tashabbusi bilan Osiyo infratuzilma va sarmoya banki hamda Ipak Yo’li jamg’armasi tuzilgan. Bu ikki moliyaviy institut mablag'i yordamida katta loyihalar amalga oshirildi. Masalan, shu yil fevral oyida tarixda ilk bor Xitoydan Eronga yuk tashuvchi poyezd qatnovi yo’lga qo’yildi.

Ipak Yo’li loyihasi bilan shug’ullanayotgan “Silk Road Associates” kompaniyasi rahbari Ben Simpfendorferning aytishicha, “Xitoyning Ipak Yo’li loyihasi uzoq kelajakni ko’zlaydi. Katta infratuzilma loyihalarini amalga oshirish vaqt talab qilishi aniq. Bunday loyihalarning turli mamlakatlarga ta’sirida farq bo’lishi mumkin, masalan Qozog’iston yoki Pokiston ishtirokidagi kontraktlar tezda tuzilsa, Filippin va Vyetnam loyihalarga keyinroq jalb etiladi”.

Kelasi 10 yilda Xitoy va Ipak Yo’li bo’ylab joylashgan mamlakatlar orasidagi savdo-sotiq hajmi yiliga 2,5 trillion dollardan oshadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG