Breaking News

Tahlilchilar: AQSh ishtirokidan qat’i nazar, Yangi Ipak Yo’li yaraladi


Jeymstaun jamg'armasidan Glen Xovard, Qozog'iston elchisi Qayrat Umarov, professor Fred Starr.
Jeymstaun jamg'armasidan Glen Xovard, Qozog'iston elchisi Qayrat Umarov, professor Fred Starr.
Kelasi yil oxiriga borib AQSh qo’shinlari Afg’onistondan ketishi kutilayapti. Bot-bot yangrayotgan fikr shuki, Qo’shma Shtatlar urushdan va umuman mintaqadan qutulayotganiga shukur qilmoqda. Afg’onistonni oyoqqa tug’izish, bu davlatni qo’shnilar va dunyo bilan bog’lovchi transport va savdo yo’llarini barpo etish haqidagi da’vatlarga nima bo’ldi? Tahlilchilar nazarida Amerika qatnashadimi-yo’qmi, qat’i nazar bu yo’llar qurib boriladi. Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Hindiston va boshqa kuchli iqtisodlar rahnamoligida. Shu hafta Vashingtondagi Jeymstaun jamg'armasida (Jamestown Foundation) ana shu mavzu ko'tarildi.

Yangi Ipak Yo'li haqida bahslar/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:52 0:00
Yuklab oling

Obama ma’muriyati Afg’oniston bilan bog’liq yumushlarini tugatib, e’tiborni Osiyoga qaratish niyatida. Iqtisodi tobora o’sayotgan bu mintaqa jozibali bozor hisoblanadi. Amerikalik olim Fred Starr hind matbuotida yaqinda chiqqan maqola misolida shunday deydi:

“AQSh siyosatiga doir bu maqolaga boplab sarlavha berilgan: “Hujum qil, pora ber, qochib qol”. Qo’shma Shtatlar 2014-yildan boshqasini o’ylagisi yo’q, toki Afg’onistondan ketsayu Osiyoga diqqatini qaratsa. Go’yoki Afg’oniston, qo’shnilar, Hindiston va Pokiston Osiyo emasday. Agar shu yondashuv davom etsa, Amerika Yangi Ipak Yo’li doirasida belgilagan maqsadlarini boy beradi”, - deydi olim.

Chamasi ikki yil oldin Davlat kotibi Xillari Klinton olg’a surgan tashabbus Yangi Ipak Yo’li deya atalib, uning qoq markazida Afg’oniston ko’rilgan edi. Loyiha transport va savdo yo’llari yordamida Osiyo va Yevropani bog’lashi, afg’on yurtini qashshoqlikdan xalos etishi ko’zlangan.

Biroq mahalliy davlatlar iqtisodiy taraqqiyotini yurgizib yuborish salohiyatiga ega bu loyiha bugun na u yoqli, na bu yoqli. Masalan, CASA 1000 proyekti Tojikistondan Afg’oniston orqali Pokistonga elektr energiyasi eltishi kerak. Hali bitadigan emas. Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonni (TAPI) ulashi kerak bo’lgan quvur boshqa bir misol. Sillasi qurigan AQShdan sado va yetarlicha pul chiqmagandan keyin TAPIga Xitoy mo’maygina mablag’ kiritib, tashabbusni ilib ketdi.

Yaqinda Pokistonda bo’lib qaytgan professor Fred Starr mulohazasi:

“Islomobodda iste’fodagi harbiylar bilan ko’rishdim. Bir necha kishi bo’lib katta-katta yuk tashish firmalarini tuzishayapti. Ortiqcha gapni ko’paytirmasdan ishini qilayapti ular. Transport yo’llarini besh qo’liday bilgan bu insonlar Yevropadan Xitoyga qatnamoqchi. Xitoy qanchadan-qancha loyihalarga pul tikayapti. Kaspiy mintaqasidan Turkmaniston orqali Yevropaga yetaklovchi yo’llarga milliardlab dollar sarmoya kiritilayapti. Bularning bari AQSh ishtirokidan qat’i nazar ro’y bermoqda”, - deydi doktor Starr.

Mintaqada transport va savdo yo’llariga tugun bo’lib turgan sabablardan yana biri - tarqoqlik. Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri bilan ham, Afg’oniston bilan ham ishlashga xushi yo’q. Shu sababli hamma ko’rpani o’ziga tortadi, taraqqiyot ko’rsatkichlari notekis.

Ro’yxatda Qozog’iston oldinda. Mamlakat yo’qsillikni salmoqli darajada qisqartira oldi va daromadi yuqori davlatlar guruhiga kirish arafasida. Qizig’i shundaki, bu davlatda 89 foiz odam o’z biznesini boshlashni xohlaydi. Bunaqa optimizmni faqat rivojlangan davlatlarda uchratasiz, deydi professor Sergey Gretski, Jorj Vashington Universiteti olimi. Holbuki, qo’shnilarda biznes boshlayman deganlar 50 foizdan oshmaydi:

“Turkmaniston va O’zbekiston o’rta daromadli davlatlar, Tojikiston va Qirg’iziston muhtoj mamlakatlar safida. Bu davlatlar o’rtasida savdo ko’lami tobora qisqarayapti. Poraxo’rlik eng dolzarb muammolardan. “Transparency International” xalqaro guruhi Markaziy Osiyodagi bu to’rt davlatni yulg’ich, korrupsiyaga botgan deya tanqid qilib keladi. Bank tizimi hamon juda zaif. Iqtisodlar mehnat muhojirlari jo’natayotgan pulga qattiq suyanib qolgan, ayniqsa, Tojikiston va Qirg’iziston. Qora bozor hamon iqtisodning salmoqli qismini tashkil etadi va iqtisodlar tizgini hanuz hukumatlar qo’lida”, - deydi Sergey Gretski.

Qop-qop muammolarga qaramasdan, professor Starr Markaziy Osiyoning potensiali baland, kelajagi porloq deyishdan charchamaydi. Bir paytlar jahonning barcha kalitlarini ushlagan, qit’alarni bog’lagan makon edi va yana shu maqomni tiklaydi, deydi u.

“30-40 yildan keyin Afg’oniston Janubiy Koreya kabi muvaffaqiyat timsoliga aylansa, ajabmas. 1955-yilda urushdan keyingi Janubiy Koreyada Afg’onistonda bugun mavjud boyliklar yo’q edi: tabiiy zaxiralar, geografik joylashuv, armiya va hokazolar. Mintaqani ahamiyatsiz deb qo’l siltab qo’yish g’irt ahmoqlik. Qozog’istonni qarang, Turkmaniston, O’zbekiston rivojlanayapti", - deydi amerikalik olim.

Fred Starrning ogohlantirishicha, mintaqa bilan ishlamas ekan, buning uchun aniq reja ishlab chiqilmas ekan, AQSh yutqizadi.
XS
SM
MD
LG