Afg’oniston tinchligi va barqarorligi Markaziy Osiyo uchun katta ahamiyat kasb etadi. Amerika hukumati mana shu haqiqatga tayangan holda mintaqa davlatlarini bu notinch mamlakat bilan hamkorlikni oshirishga undamoqda.
Vashingtonning umidi shuki, Afg’oniston qo’shnilari bilan qanchalik yaqin aloqada bo’lsa, bu mamlakat shunchalik barqaror bo’ladi. Iqtisodiy imkoniyatlar kengaygan sari vaziyat ham o’nglana boshlaydi.
Afg’oniston osha barpo etilayotgan savdo va transport yo’nalishlari Yangi Ipak Yo’li tashabbusi sifatida targ’ib qilinmoqda. Obama ma’muriyati buni Markaziy va Janubiy Osiyodagi prioritetlardan biri deya belgilagan. Amerika yangi loyihalarga xususiy sektorni jalb etadi, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk.
“Yo’llar, ko’priklar, quvurlar va temir yo’llar yaxshilanishi iqtisodiy aloqalar kengayishi uchun xizmat qiladi. Yangi Ipak Yo’li tashabbusi nafaqat yangi infratuzilma barpo etish, balki chegara osha mahsulot olib o’tishni osonlashtirish, katta bozorlarga chiqish va sarmoya oqimini oshirishni ko’zlaydi”, - deydi Bleyk.
“Bizning nazarimizda Yangi Ipak Yo’li Afg’oniston va butun mintaqaga katta yordam bo’ladi. Afg’oniston regional iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi va o’z boyliklari hamda mahsulotlarini sota olishi kerak. Bu afg’on xalqiga madad beradi”, - deydi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini.
Tashabbus o’rinli, deydi mintaqaviy siyosat va iqtisodni uzoq yillardan beri tahlil qilib kelayotgan mutaxassislar. Lekin avvalo Afg’oniston nisbatan tinchishi va Vashington konkret proyektlarni tanishtirishi kerak. Obama ma’muriyatining bunga javobi shuki, Yangi Ipak Yo’lini barpo etish va regional hamkorlik-birdamlik – Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari qo’lida. Amerika vositachilik qilishi mumkin, ammo iqtisodiy aloqalarni yaxshilash mintaqadagi siyosiy irodaga bog’liq. Markaziy Osiyo hukumatlari bunga qanday munosabat bildirmoqda?
Robert Bleyk deydiki, O’zbekiston va unga qo’shni davlatlar Afg’onistonga yordam berib kelmoqda. AQSh bilan bu borada hamkorlik qilayotgan rahbarlar vaziyat yaxshilangani sari janub tomon katta yo’llar va imkoniyatlar ochilishini biladi.
Iqtisodiy jihatdan kun sayin kuchayib borayotgan Hindiston va Xitoy O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston bilan o’z iqtisodiy kelishuv va bitimlariga ega.
Ko’plab ekspertlar ta’kidlayotganidek, Yangi Ipak Yo’li 1990-yillarda barpo etila boshlagan va Amerika uni targ’ib qilsa-qilmasa, rivojlanishda davom etadi. Chunki, talab bor.
Lekin mintaqaviy birdamlik Markaziy Osiyoda muammo ekani ham sir emas. Davlatlararo kelishmovchiliklar va ularni hal etishda tashqi kuchlarning roli katta.
Regional integratsiya – zamon talabi, deydi Robert Bleyk. Usiz biror mamlakat jahon bozorida o’z o’rniga ega bo’lolmaydi. Mintaqaviy birdamlik - tinchlik va farovonlik garovi.
Yaqinda Istanbulda o’tgan anjumanda Afg’oniston kelajagi va Yangi Ipak Yo’li haqida gap ketdi. Uning yakunida qabul qilingan deklaratsiyaga O’zbekiston imzo chekmagan. Hujjat Afg’oniston tinchligi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti yo’lida birga ishlashni ko’zlaydi.
Nima uchun degan savolga Toshkent sukunat bilan javob beradi. Har doimgidek.
Vaholanki, prezident Islom Karimov oktabr oyida Toshkentda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonni qabul qilganida bu masalaga katta qiziqish bildirgan edi. Amerika nima deydi?
“O’zbekiston Istanbuldagi kelishuvga qo’l qo’ymasa ham Afg’onistonga yordamni ayamayapti”, - deydi Robert Bleyk.
Shunisi ma’lumki, mintaqaviy kelishuvlarga O’zbekistonning xafsalasi yo’q. Karimov ma’muriyati xalqaro bitim va tashkilotlar har doim ham effektiv mexanizmlar emas deya ta’kidlab keladi.
Dekabr oyida Germaniyaning Bonn shahrida Afg’oniston bo’yicha yana bir anjuman bo’ladi. Konkret loyiha va moliya masalasi haqida u yerda gaplashib olinadi, deydi Bleyk.
Diplomat yana bir masalaga oydinlik kiritishga urindi. Amerika, deydi u, butun diqqatni Afg’oniston, Yangi Ipak Yo’li va iqtisodiy hamkorlikka qaratayapti deb o’ylamang.
“Regionga nisbatan siyosatimizda huquq va demokratiya targ’iboti ham ustuvor masalalar. Biz har bir davlat, jumladan O’zbekistonda jamiyatni erkinlashtirishga, xalqaro qonunlarni hurmat qilishga va xalq dardi hamda orzu-istaklariga quloq solishga undab kelayapmiz. “Arab bahori”dan saboq olish kerak… Xalq talabiga javob bermagan, fuqaro haq-huquqlarini pisand qilmagan hukumatlar uzoqqa bormaydi”, - deydi Robert Bleyk.