AQSh va g’arb dunyosi siyosiy va iqtisodiy barqarorlik yo’lida mintaqaviy hamkorlik zarurligi haqida bong urayotgan bir paytda, O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi aloqalar yanada keskinlashgan, nafaqat suv yuzasidan, balki tabiiy gaz ta‘minoti bo’yicha ham.
4-aprel kuni O’zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilovga maktub yo’llab, Dushanbedan 31-mart kuni yuborilgan xatga javob bergan.
Unda qayd etilishicha, Tojikistonni qiynayotgan masalalarga Toshkent allaqachon o’z pozitsiyasini bildirgan.
Birinchidan, deyiladi unda, Sovet davridan qolgan mintaqaviy energetika tizimi ishdan chiqqan va O’zbekiston shu bois tark etgan. Ikkinchidan, Tojikiston yuk poyezdlari O’zbekistonda to’xtab qolayotganining sababi siyosiy emas, balki temir yo’llarining eskirkanidir.
So’nggi payt tariflar oshirilgani esa Tojikistonning o’xshash chorasiga javob, deyiladi Mirziyoyevning xatida.
O’zbekiston 2-apreldan qo’shni davlatga gaz berishni to’xtatgan. Ta’minot bo’yicha joriy yildagi majburiyatlar bajarib bo’lingani qayd etiladi.
Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston bosh vaziriga yo’llagan maktubida chegaradagi minalar hamda viza masalalari ham tilga olingan.
Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan, lekin keyin veb saytdan olib qo’yilgan bayonot asosan munosabatlardagi ziddiyatlar haqida. Unda O’zbekiston Tojikistonda ijtimoiy norozilik chiqarishga urinayotganlikda ayblangan.
Fergananews.com nashri bosh muharriri Daniil Kislov bayonot olib tashlanganidan taajjubda. Ikki davlat orasidagin bugungi ziddiyat xavotir uyg’otadi, deydi u.
2012-yilning yanvar oyida gaz bo'yicha tuzilgan shartnoma bekor qilingan. Tojik matbuotiga ko’ra, hukumat ayni damda bitimni qayta tiklashga harakat qilmoqda. Bayonot shu bois ham saytdan tushirilgan bo’lishi mumkin.
Tojikiston hozirgi paytda munosabatlarni ziddiyatlashtirmaslik kerak deb o‘ylab qolgandir yoki Toshkent bu bayonotdan keyin biror munosbat bildirgan va tomonlar muzokara boshlashgandir, deya taxmin qiladi Kislov.
O’zbekiston hukumati shartnoma bekor qilinganini Xitoy va Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmi ko’paytirilgani bilan izohlagan.Tojikiston nazarida esa bu izoh shunchaki o’ylab chiqarilgan, aslida O’zbekiston iqtisodiy qamalni davom ettirmoqda.
Tojikiston O’zbekistondan olayotgan gazni ikki yirik obyekt O’zbekiston chegarasi yaqinida joylashgan “Talko” alyumin zavodi va Dushanbedagi tsement zavodi uchun ishlatayotgan edi. Tojikiston uchun o’ta muhum sanalgan bu inshootlarning energiya ta’minotisiz qolishi ularni inqiroz yoqasiga yetaklagan.
Bayonotda O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi asosiy kelishmovchilik Rog’un GESi masalasi ham tilga olingan. Ta’kidlanishicha, Rog’un loyihasi xalqaro ekspertiza natijalari e’lon qilinmagan bo’lsa-da, O’zbekiston unga qarshi targ’ibot kampaniyasi olib bormoqda, xalqaro hamjamiyat e’tiborini chalg’itishga urinmoqda.
O’zbekiston seysmik faol hududda Rog’un qurilishini mintaqa uchun katta xavf hisoblaydi. Biroq asosiy sabab to’g’on qurilishi daryo quyisida joylashgan O’zbekistonda suv taqchilligini keltirib chiqarishi mumkinligi bilan bog’liq.
O’zbekistonning keskin noroziligidan qat’iy nazar Tojikiston Rog’un qurilishini, qiyinchilik bilan bo’lsa-da, davom ettirish niyatida.
Mintaqada suv masalasi keskin tus olishi xalqaro hisobotlarda ham aks etgan. Yaqinda AQSh razvedkasi tomonidan e’lon qilingan tahlilnomaga ko’ra, ob-hayot uchun kurash Markaziy Osiyoda ziddiyatlarga yetaklashi .
Yaqinda Berlinda suv diplomatiyasi doirasidagi uchrashuvda mintaqa tashqi ishlar vazirliklari rasmiylari hamkorlik qilishga kelishib olgan edi.
Germaniyalik jurnalist Markus Bensman fikricha tomonlarda muloqotga borish istagi yo’q ekan, xalqaro harakatlardan natija kutish qiyin.
“Ayniqsa, Toshknent bu borada muloqot emas, turli bosimlar orqali ta’sir ko’rsatishni xohlaydi”, - deydi jurnalist.
Rog’un GESi qurilishi yuzasidan Jahon Banki ekspertizasi hali nihoyasiga yetmagan. Xulosalarni tomonlar qanchalik tan oladi, bu ham noma’lum.