Breaking News

Markaziy Osiyo: O'zgarish yo'lidagi to'siqlar


Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2011-yil, 15-iyundagi sammiti, Ostona
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2011-yil, 15-iyundagi sammiti, Ostona

Markaziy Osiyo xalqlarini azaldan qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish uchun nima qilish kerak? Kimdir tuzumlar yangilanishi kerak deydi. Yana kimdir rahbarlar yuzma-yuz o’tirib, ochiqchasiga gaplashib olishi, konkret bitimlar imzolanishi zarur deydi.

Ayrimlar nazarida siyosiy iroda yetishmaydi va yetishishi uchun avlodlar va mentalitet o’zgarishi kerak. Rahbarlar xalq dardiga quloq solishni o’rganishi, jamoatchilik esa muammolarni ochiq muhokama qilib, o’z fikr-qarashlarini erkin izhor eta olishi lozim.

Haqiqat shuki, mintaqa biror muammoni chet el yordami va xalqaro hamkorliksiz hal eta olmaydi. Yaqinda Vashingtonda yig’ilgan mutaxassislar va diplomatlar suv, neft va gaz, savdo-sarmoya va islohotlar kabi masalalarni muhokama qildi.

Qozog'iston diplomati Asqar Tajiev
Qozog'iston diplomati Asqar Tajiev

Asqar Tajiyev Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligida Amerika departamentini boshqaradi. G’arb bilan hamkorlik uchun mas’ul diplomat.

Energetika, suv va oziq-ovqat ta’minoti – nafaqat Qozog’iston, balki butun mintaqa uchun eng dolzarb masalalar, deydi u.

Qo’shnilar buni yaxshi biladi va ikki tomonlama hamkorlik joyida, deydi Tajiev.

Lekin ko’p tomonlama, masalan butun Markaziy Osiyoni birlashtiradigan ishlarga kelganda, hamjihatlik yo’q. Buni Qozog’istonning yuqori lavozimli rasmiysi ochiq tan oladi.

Masalan, suv taqsimoti – azaliy muammo. Uni regionning o’zi hal etolmaydi. Xolis vositachi kerak. Jahon Banki buni eplashi mumkin, deydi Tajiyev.

Qo’shma Shtatlar ham shu fikrda. Ekologiya muhofazasi va suv taqsimoti har bir davlat uchun nozik masala.

Markaziy Osiyo: O'zgarish yo'lidagi to'siqlar
Markaziy Osiyo: O'zgarish yo'lidagi to'siqlar

Tojikiston va O’zbekiston orasidagi kelishmovchilikka nuqta qo’yish uchun talab va ertangi kun haqida o’ylash kerak, deydi Melani Nakagava (Nakagawa), AQSh Senatining Tashqi aloqalari qo’mitasi xodimi. Nakagava aynan global suv masalalari bilan shug’ullanadi.

Suv – umumbashariy boylik va manba, deydi mutaxassis. Qishloq xo’jaligi va energetika haqida gap ketganda, ob-hayotga talab naqadar katta ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Xitoy bugun Markaziy Osiyoda asosiy sarmoyador va hamkor
Xitoy bugun Markaziy Osiyoda asosiy sarmoyador va hamkor

Bu sohalar bilan bog’liq masalalarni hal etish uchun xalqaro mexanizmlar bor – BMT, Jahon Banki, qolaversa AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining maxsus dasturlari.

Amerika suv xo’jaligini yaxshilash, ob-hayot ta’minoti uchun regionda o’tgan 20 yil ichida millionlab dollar sarfladi. Ayrim loyihalar ish berdi, ammo tub muammolar hal etilmadi, chunki infratuzilma ishdan chiqqan.

Infratuzilmani ta’mirlash yoki umuman yangi tizimlar yaratish uchun esa, deydi keksa diplomat Uilyam Kortni (William Courtney), islohotlarni jadallashtirish kerak. Kortni uzoq yillar davomida sobiq Sovet Ittifoqi, xususan Markaziy Osiyo va Kavkaz bilan ishlagan. Sobiq prezident Bill Klintonning maslahatchisi bo’lgan. Shuningdek, Qozog’istonda elchilik qilgan.

Iste'fodagi diplomat Uilliam Kortni
Iste'fodagi diplomat Uilliam Kortni

Kortni Amerikaning regionga nisbatan bugungi siyosatini savolga tutadi. Asosiy o’ringa Afg’onistonni emas, bevosita Markaziy Osiyo va bu xalqlarni qiynayotgan muammolarni qo’yish kerak, deydi u. Demokratik islohotlar, iqtisodiy islohotlar, oshkoralik va erkinlik targ’iboti. Bu jamiyatlar erkinlashmasa, biror loyiha, xoh iqtisodiy xoh ijtimoiy, samara berishi qiyin.

Amerika rasmiylari demokratiya va huquq targ’iboti davom etmoqda, hukumatlar bilan ochiq muhokama ketmoqda, deydi. Uilyam Kortni nazarida mintaqa rahbarlari hokimiyat abadiy emasligini anglashi lozim, toki ulardan keyin yurt farovon va barqaror bo’lsin. Demokratik targ’ibot uzoq muddatni ko’zlaydi, deydi u, uning samarasini yangi avlodga qarab baholang.

Markaziy Osiyo: O'zgarish yo'lidagi to'siqlar
Markaziy Osiyo: O'zgarish yo'lidagi to'siqlar

Hukumatlar, jumladan O’zbekiston rahbari Islom Karimov va uning ma’muriyatining qayd etishicha, demokratik islohotlar jadal ravishda amalga oshirilmoqda. O’zbekiston o’z demokratiyasini barpo etmoqda, deydi rasmiylar, va bu jarayonga tashqaridan hech bir davlat aralashmasligi lozim.

Uilyam Kortni deydiki, demokratiyaning o’zbekcha yoki amerikacha shakli bo’lmaydi. Demokratiya umumbashariy ko’rinishga ega. Xalq istagiga asoslanadi, xalq manfaati uchun xizmat qiladi va boshqaruv xalq tanlagan odamlar qo’lida bo’ladi. O’zbekiston va qo’shni davlatlarda yashayotgan odamlar bugun kechagiga qaraganda qanchalik erkin? Hukumat demokratik yutuqlar haqida maqtanganida, odamlar baribir mana shu narsa haqida o’ylaydi, deydi Kortni.

Nazarboyev va Karimov
Nazarboyev va Karimov

Jeymstaun Jamg’armasi (The Jamestown Foundation) ilmiy xodimi Vladimir Sokor fikricha, Amerika Markaziy Osiyoga yordam bermoqchi bo’lsa, unga nisbatan siyosatni Yevropa Ittifoqi bilan kelishgan holda olib borishi kerak.

Yevropa va Markaziy Osiyo bir-biriga judayam kerak, deydi u. Region o’z tabiiy boyliklari, jumladan neft va gazini katta bozorga Rossiya aralashuvisiz olib chiqmoqchi bo’lsa, Yevropa Ittifoqi - katta bozor. Lekin bugungacha na Amerika va na Yevropa Ittifoqi energetika bobida bergan va’dalarining ustidan chiqdi.

Kelishmovchiliklarga yechim topish uchun siyosiy iroda zarur
Kelishmovchiliklarga yechim topish uchun siyosiy iroda zarur

Bu orada, deydi Vladimir Sokor, Xitoy va Eron otni qamchilamoqda. Bugun Turkmaniston gazining ikki yirik xaridorlari - ular. Eskportchi Rossiya - uchinchi o’rinda. Janubiy Osiyoda ham yonilg’iga talab katta va Markaziy Osiyo uchun imkoniyatlar talay, lekin bir tomonga qaram bo’lib qolmaslik uchun mintaqa ham g’arb, ham sharq bilan hamkorlikni yaxshilagani ma’qul, deydi Vladimir Sokor.

Region va Yevropa orasidagi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish ustida ishlab kelayotgan mutaxassis, BMT yetakchi eksperti Martin-Sofi Fuve fikricha Afg’onistondan Yevropa tomon yangi savdo yo’llari Markaziy Osiyodan o’tayotgani mintaqaga katta foyda olib keladi. Yo’llar yaxshilanadi, chegaradan o’tish osonlashadi, boj va xavfsizlik tizimlari yangilanadi degan umid bor. Davlatlar xalqaro me’yorlarga javob berishga majbur. BMT bu borada hukumatlar bilan ishlayapti, deydi Martin-Sofi Fuve.

Xalqaro hamkorlik xalqaro uyg’unlik talab qiladi. Bugun hech bir davlat biror sohada yakka harakat qila olmaydi, kelishuv va murosa – muvafaqqiyat kaliti, deydi bu mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG