Breaking News

Jahon Bankiga yangi rahbar yana AQShdan bo'lishi kutilmoqda


Jahon Bankining Vashingtondagi bosh idorasi
Jahon Bankining Vashingtondagi bosh idorasi

Jahon Banki (World Bank) rahbari yangilanish arafasida va xalqaro hamjamiyat bu safar tashkilot prezidenti Amerikadan emas, boshqa davlatdan tayinlansin degan talabni olg’a surmoqda. Lekin oxir-oqibat bank tepasiga yana amerikalik keladigan ko’rinadi.

Dunyo bo’ylab taraqqiyot uchun mablag’ ajratadigan va qashshoqlikka qarshi kurashadigan bu organ Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarda o’nlab loyihalarga millionlab dollar moliya ajratgan, hukumatlar bilan ishlab keladi. Davlatlar Vashingtondagi bosh idorada o’z vakillariga ega.

Usta diplomat, AQSh Davlat kotibining sobiq muovini, Robert Zellikning o’rnini kim egallaydi, hozircha noma’lum. Jahon Banki nomzodlar kim ekanini oshkor etmayapti. Saralash jarayoni avjida.

Davlatlar o’z nomzodlarini ko’rsatish va ularni targ’ib qilish huquqiga ega.

Azaliy, norasmiy kelishuvga ko’ra, bu global tashkilotni hamisha amerikalik boshqarib kelgan.

Robert Zellik, Jahon Bankini 2007-yildan beri boshqarib keladi
Robert Zellik, Jahon Bankini 2007-yildan beri boshqarib keladi
Obama ma’muriyati bu lavozimga kuchli bir arbobni ko’rsatadi va pirovardida u tanlanadi, deydi rasmiylar.

Bankning indoneziyalik yuqori lavozimli rasmiysi Ikinus Manao deydiki, tashkilot rahbari kuchli iqtidor egasi bo’lishi shart. Asosiy maqsad qashshoqlikka qarshi kurashish ekan, xalqaro tajribaga ega, uddaburo va aynan taraqqiyot masalalari bilan shug’ullangan arbob kelishi kerak, deya tushuntiradi u.

“To’g’ri, qaysidir darajada shubhalanishingiz mumkin, lekin optimizm ham yomon narsa emas”.

AQSh Kongressi a’zosi Betti Makkollum, Jahon Banki bo’yicha maxsus guruh rahbari fikricha, Robert Zellik, AQSh tashqi siyosatida muhim rol o’ynab kelgan shaxs, oziq-ovqat ta’minoti, sog’liqni saqlash, tinchlik va farovonlik yo’lida katta xizmat qildi. Uning o’rnini yana bir amerikalik egallasa yomonmas, deydi u.

AQSh bank uchun eng ko’p mablag’ ajratadigan davlat. Rahbar amerikalik bo’lsa, u Kongress a’zolari bilan ham til topisha oladi, ayniqsa hozir, byudjetdagi kamomad sabab mablag’ni kesamiz deb turishgan bir paytda.

“Kim Kongressni bu yo’ldan qaytara oladi? Amerikalik bu ishni eplay oladi”, - deydi Makkollum, demokrat siyosatchi.

Jahon Banki rahbarining yangilanishi hamisha bahs-munozaralarga sabab bo’ladi. Bu safar Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti professori Jeffri Saks o’z nomzodini ko’rsatdi. U ham amerikalik, lekin taraqqiyot yo’lida olib borgan sa’y-harakatlari va tadqiqotlari uchun Keniya va Malayziya singari davlatlar uni olqishlamoqda.

Obama ma’muriyati u haqda og’iz ochmayapti. Shu bilan birga kimni ko’rsatishini ham ayon qilmagan. Siyosiy va biznes doiralardagi taxmin shuki, Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchi, Afrika bo’yicha yetakchi ekspert, Syuzan Rays tanlanishi mumkin.

Boshqa ehtimoliy nomzodlar – Indra Nuyi, hind-amerikalik, “Pepsi” kompaniyasi rahbari va Nandan Nilekani, yana bir hind-amerikalik, “Infosys” texnologiya kompaniyasi asoschisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG