O'zbekiston qani?
Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida Afg'oniston taqdiri yuzasidan fikr almashgan mamlakatlar deklaratsiya qabul qilib, bu davlatni tiklash yo'lida yordam va'da qilgan. Mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikka urg'u beruvchi bu hujjat Istanbul kelishuvi deb ataladi.
Bir kunlik anjumanda Afg’onistonning bevosita va bilvosita qo’shnilari Tojikiston, O’zbekiston, Turkmaniston, Pokiston, Qozog’iston, Xitoy, Hindiston, Qirg’iziston, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridan diplomatlar qatnashgan.
Lekin yig'in oxirida e'lon qilingan deklaratsiyada O'zbekiston umuman tilga olinmaydi. Na imzo chekkanlar va na uni quvvatlaganlar qatorida.
O'zbekiston hukumati bu borada lom-mim demaydi. Odatda siyosiy pozitsiyani bayon qiladigan davlat matbuotida ham bu borada hech gap yo'q. Istanbuldagi anjuman umuman yoritilmagan.
Oktabr oyi boshida Toshkentda AQSh va Germaniyaning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchilarini qabul qilgan va sal o'tib Oqsaroyda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uzoq suhbat qurgan Islom Karimov bu anjumanga katta qiziqish bildirib, unda ishtirok etish niyatini izhor etgan edi.
Aytish joiz, Amerika rasmiylari har safar O'zbekiston haqida gapirganida, bu davlat Afg'onistonga elektr toki uzatayotgani, qurilish va infrastruktura bobida ko'maklashayotgani hamda xalqaro koalitsiyaga zarur mahsulotlar tashuvchi Shimoliy Ta'minot Tizimida faol rol o'ynayotganini eslatadi.
Afg'onistonda terrorchi guruhlarga qarshi 10 yildan beri kurashayotgan AQSh nazarida bu o'lka demokratik jamiyatga aylanishi uchun butun dunyo uni birdek quvvatlashi lozim.
Istanbuldagi anjumanda Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun jangarilar bilan murosa qilish lozimligi tan olingan va AQShning xavfsizlikni ta'minlash ishlarini mahalliy kuchlarga topshirayotgani ma'qullangan.
Shuningdek, qatnashchilar Janubiy va Markaziy Osiyoni bog'lovchi yangi savdo yo'llar barpo etish tashabbusini olqishlagan.
Yangi Ipak Yo'li deya nomlangan bu loyihada, AQSh ta'biricha, Afg'oniston asosiy rol o'ynaydi. Proyektni amalga oshirish uchun avvalo tinchlikni ta'minlash kerak.
Vashington "Istanbul deklaratsiyasi - Afg'oniston kelajagi uchun poydevor" deya e'tirof etmoqda.
Anjumanga Qo'shma Shtatlardan borgan delegatsiyaga Davlat kotibi muovini Vilyam Burns boshchilik qildi.
Uning aytishicha, Obama ma'muriyati Afg'onistonni qayta tiklashda uning atrofidagi davlatlardan keng qamrovli hamkorlik va hamjihatlik kutmoqda. Notinch mamlakat iqtisodiyoti hozirda asosan Amerika madadiga asoslangan. Iqtisodni oyoqqa turg'azish barqarorlikka yetaklovchi omillardan biri, deydi Vilyam Burns.
5-dekabrda Germaniyaning Bonn shahrida bu borada yana bir katta yig'ilish rejalangan.
Unda, deydi Amerika rasmiylari, xalqaro hamjamiyat uzoq muddatli yordam borasida aniq reja va takliflarini tanishtiradi.
Istanbulda tilga olingan loyiha va tashabbuslar uchun mablag' topish kerak. Bonn anjumanida donor davlatlar qancha berishga tayyor ekanini bildiradi.