“Arab bahori” ortidan O’zbekistonda diktaturaga qarshi kurash maqsadida Germaniyada tashkil topgan O’zbekiston Xalq Harakati dastlabki muvaffaqiyatlar haqida hisobot bermoqda. Uning asosiy maqsadi kuch ishlatmay hukumatni iste‘foga majbur etish.
Bir nechta diktatorni taxtdan olgan, Markaziy Osiyo hukumatlari xavotir bilan kutib olgan “arab bahori” hali nihoyasiga yetmadi. Inqiloblar qonli rejimlarga qarshi turgan muxolif kuchlarga umid bergan.
Bu to’lqin Yevropada boshpana topgan o’zbek muxolifatini birlashtirib, Germaniyada O’zbekiston Xalq Harakati tuzildi. Yaqinda uning yarim yillik faoliyati sarhisob qilingan.
“Ijobiy xulosaga keldik. “Andijon - Adolat va Tiklanish’’ guruhi yoppasiga tarkibdan chiqib ketdi, albatta, afsus. Harakat olib borgan tadbirlar, norozilik aksiyalari O’zbekistondagi avtoritar rejim obo’siga ancha putur yetkazdi. Jahon hamjamiyatiga hukumatning asl qiyofasini ochib berildi. O’zbekistonda bolalar mehnatiga qarshi aksiyalar o’tkazdi, Amerikada, Yevropada o’zbek paxtasi boykot qilindi. Albatta, hali to’la maqsadga erishilgani yo’q. Lekin bitta tashkilot harakatni tark etgani bilan, ikkitasi kelib qo’shildi”, - deydi matbuot kotibi To’lqin Qorayev.
Tahlilchilar kurash qiyin masala ekanini aytadi. Muxolifat quvg’inda, ko’plari qamoqda, ommaviy axborot vositalari hukumat nazoratida, internet imkoniyatlari muxolif qarashlar uchun cheklangan. Biroq arab dunyosidagi inqiloblar xalq qudratiga ishonchni mustahkamlagan, diktatura chekinishini ko’rsatgan.
O’zbekiston Xalq Harakatining bildirishicha, chetda ham, mamlakatda ham ommalashmoqda, maqsad sari yaqinlashgan.
“Arab bahori O’zbekistonda bo’lishi murakkab. Albatta, harakat rivojlanib bormoqda, lekin hozircha O’zbekistonning o’zida oshkora chiqishlar yo’q. Faollar u yerda targ’ibot ishlarini yuritishmoqda, gazetalarimiz kirib borayapti, yashirin yo’llar bilan. Ular kimligi oshkor etilayotgani yo’q, ularni avaylashimiz kerak. Buni vaqt ko’rsatadi, O’zbekistondagi avtoritar rejim so’nggi kunlarni boshdan kechirmoqda’’, - deydi Qorayev.
O’zbekiston Xalq Harakati tuzilganida hamma xursand bo’ldi, deydi u.
“20 yil davomida muxolifat endi uyg’ondi, bu yog’i yaxshi bo’ladi, degan gaplar bo’ldi. Ammo shu yarim yil ichida O’zbekistonda oppozitsiya faollashganini sezmadim. Oddiy xalq o’rtasida ham, shunday bir fikr yo’qki, falon joyda, falon narsa bo’libdi, degan. Chunki, birinchidan, informatsiya kam, ikkinchidan, hammada ham internetga chiqish imkoniyati y’oq”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o’g’li.
Matbuotda, televideniyeda esa O’zbekiston Xalq Harakatini buzg’unchilik, qo’poruvchilikda ayblovchi kampaniya boshlandi. Harakat faollaridan biri andijonlik Fuad Rustamxo’jayev Rossiyada o’ldirib ketildi. Guruh uning o’limida hukumatni ayblab chiqdi. Bir oz o’tib, tashkilotchilardan biri “Andijon – Adolat va Tiklanish” guruhi tarkibdan chiqdi, hukumat bosimi tufayli.
Tahlilchilar nazarida Ozbekistonda norozilik kuchayishi chetda muxolif harakat bor-yo’qligiga bog’liq emas. Hukumat jamiyatni erkinroq qilish, siyosiy, iqtisodiy islohotlar o’tkazish ustida ishlashi kerak.