AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ayni damda Afg'onistonda. Muzokaralardagi asosiy mavzu - 10 yilllik urushga qanday qilib nuqta qo'yish.
Kecha Amerika bosh diplomati kutilmaganda Liviyaga borgan edi. Uning Pokiston, Tojikiston va O'zbekistonga ham borishi kutilmoqda. Davlat departamenti bu safarlar haqida, xavfsizlik nuqtai nazaridan, biror ma'lumot bermaydi, ammo yuqorida tilga olingan davlatlarning poytaxtlarida tayyorgarlik avjida.
20-oktabr kuni Klinton xonim Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay va boshqa rasmiylar bilan xavfsizlik va mamlakatni tiklash ishlari haqida gaplashib oladi.
Shuningdek, noyabr oyida Turkiyaning Istanbul, dekabrda esa Germaniyaning Bonn shaharlarida o'tadigan xalqaro anjuman rejalari muhokama qilinadi.
Tinchlikka erishish uchun Tolibonning ayrim a'zolari bilan boshlangan muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qolgan, chunki harakat xurujlarga zo'r bermoqda.
O'tgan oy sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o'ldirildi. Jangarilar bilan murosaga erishish yo'lida shu arbob yetakchilik qilayotgan edi.
O'tgan hafta esa nisbatan barqaror hisoblangan Panjsher viloyatida AQSh harbiy bazasiga hujum qilindi. Rasmiylarning aytishicha, to'rt afg'on o'lgan, ikki amerikalik zobit jarohatlangan.
Inshootga bomba joylaganlar O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari edi, deya tan olmoqda bu to'da vakillari. Xuruj Tolibon bilan hamkorlikda amalga oshirildi, deyiladi internetdagi bayonotda. Jangarilarning da'vo qilishicha, olishuv besh soat davom etgan va kamida 50 odam o'lgan yoki jarohatlangan.
Bugun Hirot viloyatida bomba portlab besh afg'on askari halok bo'lgan. Mamlakat sharqida NATO ikki zobitidan ayrilgan.
Xillari Klintonning aytishicha, Amerika qo'shinlari 2014-yil oxirigacha Afg'onistonni tark etadi, lekin bu "biz bu o'lkani tashlab qo'yamiz" degani emas.
Hozirda Vashington Kobul va Islomobod bilan strategik hamkorlik bitimi imzolash haqida muzokara olib bormoqda. Klinton safari davomida asosiy diqqatni mana shu kelishuvlarga qaratadi.
Toshkent va Dushanbedagi uchrashuvlarda ham, asosan, qo'shni davlatdagi vaziyat yuzasidan hamkorlikni kengaytirish xususida so'z ketadi. Klinton xonimning fuqaro jamiyati faollari va huquq himoyachilari bilan ham ko'rishishi kutilmoqda.