Breaking News

Pokiston: AQSh bizga bosimni oshirmay, Afg'onistonni eplasin


Pokiston armiyasi boshlig'i general Ashfaq Parvez Kiyaniy (o'ngda)
Pokiston armiyasi boshlig'i general Ashfaq Parvez Kiyaniy (o'ngda)

Pokiston armiyasi qo'mondoni general Ashfaq Kiyaniyning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Pokistonni o'z hududidagi jangarilarga qarshi kurashga majburlamasdan Afg'oniston barqarorligi bilan shug'ullanishi kerak. Kiyaniy bu haqda Ravalpindida armiya qarorgohida parlamentning mudofaa qo'mitasi a'zolari bilan uchrashuv chog'ida aytgan.

"Muammo Pokistonda emas, Afg'onistonda" dedi general qonunchilarga.

AQSh Pokistonni Shimoliy Vaziristonda o'rnashib olgan jangarilarga qarshi kurashni kuchaytirishga da'vat etib keladi. Ma'lumotlarga ko'ra, al-Qoidaga aloqador Haqqoniy guruhi Afg'onistonga o'tib, Amerika va NATO askarlariga hujum qilib turadi.

Ayrim AQSh rasmiylariga ko'ra, Pokiston razvedkasi haqqoniychilarni o'z panohiga olgan.

General Kiyaniyning qonunchilarga aytishicha, Pokiston armiyasi kerak bo'lsa, hududda operatsiyani ertagayoq boshlashi mumkin, agar shuning o'zi muammoni hal eta olsa.

"Amerikaning o'ziga Pokiston hududida jangarilarga qarshi jang qilishga ruxsat bermaymiz", - deydi general. "Pokiston Iroq yoki Afg'oniston emas, yadro qudratiga ega davlatdir".

Bu o'rtada Fransiya Afg'onistondan qo'shinlarini chiqarmoqda. Yil oxirigacha ming jangchi mamlakatni tark etadi. Joriy oyda 200 nafari vatanga jo'natiladi. Afg'onistonda jami 4000 fransuz harbiysi bor. 2001-yildan beri 75 nafari halok bo'lgan.

2014-yil oxiriga borib, xalqaro koalitsiya tarkibiga kirgan mamlakatlarning aksariyati qo'shinlarini olib chiqishi kutilar ekan, zo'ravonliklar tinmayapti. Bugun Afg'oniston g'arbidagi Hirot shahrida xurujda besh askar o'lgan. Ularning barchasi mashinada ketayotgan bo'lgan.

Kecha esa janubdagi Hilmand viloyatida afg'on zobitlari va koalitsiya kuchlari reyd paytida bir necha tolibni yo'q qilgan. Shimoldagi Bag'lan viloyatida Tolibon qo'mondoni qo'lga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG