Afg'onistonning shimoliy viloyatlaridan biri Bag'londa hayit namozi tugagach masjid oldida bir kishi o'zini portlatgan. Undan tashqari yetti kishi nobud bo'lgan. 18 kishi jarohatlangan.
Yana bir kishi o'zini portlatishga uringan, lekin politsiya uni to'xtatishga muvaffaq bo'lgan.
Xurujlar ortida Tolibon turgani gumon qilinadi, lekin harakat hali buni tan olmagan.
Kecha tarqatilgan bayonotda Tolibon jangarilarini fuqarolarni emas, aynan rasmiylar, harbiylar va xalqaro koalitsiya a'zolarini nishonga olishga undagan.
Prezident Hamid Karzay bugungi hujumni qoralab, o'lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
NATO boshchiligidagi koalitsiya qo'mondoni, AQSh generali Jon Allen ham ta'ziya bildirar ekan, "bu xuruj va uning ortida turgan odamlar islom yoki afg'on xalqini hurmat qilmasligi oydek ravshan" deb aytdi. Muqaddas ayyomda bunday qonli ishlar qilish hech bir din vakiliga yarashmaydi, deydi general.
Karzay bugun Kobulda Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard bilan uchashgan. Fransiyaning Kann shahrida o'tgan Katta Yigirmalik anjumanidan to'g'ri Afg'onistonga borgan Gillardning safari xavfsizlik chorasi sifatida sir tutilgan.
O'tgan oy parad paytida harbiy kiyimini kiygan jangari Avstraliya askarlaridan uch nafarini otib o'ldirgan va yana yetti nafarini qattiq yaralagan edi.
Xalqaro koalitsiya safida shu kungacha 32 avstraliyalik halok bo'ldi.
Shanba, 5-oktabr kuni, NATO Afg'oniston janubida bir askaridan, g'arbida esa yana bir zobitidan ayrilgan. Har ikki holda, jangarilar hujum qilgan.