Breaking News

Panetta: Afg’onistonda xorij va mahalliy armiya qo’li baland keldi


Panetta: Afg’onistonda xorij va mahalliy armiya qo’li baland keldi
Panetta: Afg’onistonda xorij va mahalliy armiya qo’li baland keldi

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha, Afg’onistondagi urushda xalqaro koalitsiya qo’li baland kelganiga shubha yo’q. Xorij askarlari 2014-yilda mamlakatni tark etib, xavfsizlik mahalliy kuchlar zimmasiga o’tadi.

Kecha kutilmaganda Afg’onistonga borgan Leon Panetta Paktika viloyatida Amerika askalariga murojaat qildi.

“Vazifangiz g’oyat mushkul ekanini bilaman”, - dedi u. “Bu yurt hali oyoqqa turib, o’zini-o’zi boshqaradi va Tolibonu al-Qoida bu yerga qadam bosa olmaydi”, - deydi Panetta.

Vazirning aytishicha, shu damlarda o’n yillik urushda burilish yasaldi, zo’ravonlik ko’lami kamaydi. U yutuqlardan so’rar ekan, Afg’onistonda xalqaro kuchlarga bosh general Jon Allen hisobot berdi.

Bugun AQSh mudofaa vaziri prezident Hamid Karzay bilan ham ko’rishdi.

Rejaga ko’ra, AQSh askarlari 2014-yilda mamlakatni tark etishi kerak. Joriy yil oxirigachha 10 ming, kelasi yil oktabrga qadar yana 23 ming zobit uyga qaytadi.

Panetta nazarida xalqaro va mahalliy qo’shin aksariyat viloyatlarni tozalashga muvaffaq bo’lgan.

Hozir Afg’oniston armiya va politsiyasi kuchayib, xavfsizlikni mustaqil ravishda ta’minlashga qodir, deydi AQSh mudofaa vaziri. Yaqin orada olti viloyat, yirik shaharlar, 40 dan ortiq tuman afg’on politsiyasi qo’liga topshiriladi.

Jangarilar hujumi faollashgani sir emas. Shunday bo’lsa-da, xavfsizlik sekin-asta mahalliy kuchlar zimmasiga o’tadi, rejadan og’ish yo’q, deydi rasmiylar.

Pokiston bilan rishtalar taranglashgani jarayonga pand bermoqda, albatta, deydi ular. O'tgan oy Afg’oniston bilan chegarada NATO havo hujumida 24 askaridan ayrilgan Pokiston to’nini teskari kiyib olgan.

NATOga yuk tashiladigan yo’llar yopiq. Chegaraga raketa hujumiga qarshi mudofaa quroli ishga solingan. Pokiston xalqaro koalitsiyadan Balujistondagi harbiy havo bazasini ham bo’shatishni so’ramoqda.

AQShga qarashli pilotsiz samolyotlar ana shu aviabazadan turib shimoliy va janubiy Vaziriston mintaqalarida jangarilarni nishonga olib turar edi.

AQSh mudofaa vaziri so’zlariga ko’ra, Afg’oniston Pokiston yordamisiz tinchlikka erishishi mushkul.

Kobuldan so’ng Leon Panetta Bag’dodga jo’nab, askarlar vatanga qaytishi munosabati bilan tantanali marosimda qatnashadi.

Afg’onistonning Hilmand viloyatida kechagi xurujda mahalliy rasmiy o’lgan. Hujum bir necha ayol va bolani ham hayotdan olib ketgan.

BMT hisobicha, joriy yilning birinchi yarmida 1462 fuqaro halok bo’lgan. Bu o’tgan yilga qaraganda 15 foiz ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG