Breaking News

Afg'onistonda siyosiy islohotlar va barqarorlik - ustuvor masalalar


Afg'onistonda siyosiy islohotlar va barqarorlik - ustuvor masalalar
Afg'onistonda siyosiy islohotlar va barqarorlik - ustuvor masalalar

AQSh va NATO 2014-yilgacha Afg'onistondan qo'shinlarini olib chiqishini aytgan. Yaqinda Turkiyaning Istanbul shahrida o'tgan xalqaro anjumanda Afg'onistonga qo'shni davlatlar va G'arb xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik yo'lida unga yordam va'da qildi. Xavfsizlik va farovonlik siyosiy islohotlarga ham bog'liq.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, xalqaro hamjamiyat uning mamlakatida barqarorlikni istasa, koalitsiya qo'shinlari ketgach, Afg'onistonni o'z holiga tashlamasligi kerak.

"Terror guruhlariga qarshi kurashda qo'shni davlatlar yordamiga muhtojmiz", - deydi u.

Qo'shma Shtatlar hamkor davlatlar bilan "Yangi Ipak Yo'li" loyihasiga zo'r bermoqda. Mintaqa iqtisodiy hayotini jonlantirishda Afg'onistonga alohida rol ajratilgan. Rejaga ko'ra, Markaziy Osiyo avtomobil va temir yo'llarini Afg'oniston, Pokiston va Hindistonga ulash bilan savdo rishtalari kuchayadi.

Vashingtondagi Brukings tahlil institutida xavfsizlik va mudofaa masalalari bo'yicha yetakchi mutaxassis Maykl Oxanlonning aytishicha, buning uchun Afg'oniston va, umuman, siyosiy ahvolni barqarorlashtirish lozim.

"Bu birinchi darajali vazifa. Busiz kelajakni ko'zlagan hech bir g'oya amalga oshmaydi", - deydi u.

Xorijiy kuchlarni Afg'onistondan chiqarish rejasi boru, lekin mamlakat siyosiy tizimini kuchaytirish oson bo'lmaydi, deydi Oxanlon.

"2014-yilda Hamid Karzayning prezidentlik muddati tugaydi. Uning o'rniga keladigan odamni saylash uchun puxta tizim kerak. Ammo AQSh yordamida yaratilgan konstitutsiyada prezident kuchli vakolatga ega, siyosiy partiyalar, parlament, siyosiy ta'sirning muqobil markazlari esa zaif. Bunday sharoitda kelasi saylovlarga tayyorgarlik oson bo'lmaydi", - deydi tahlilchi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida agar o'tgan saylovlardagi keng ko'lamli soxtalashtirish 2014-yilda ham takrorlansa, oqibati yaxshi bo'lmaydi. Afg'onistonda siyosiy tizim taraqqiyotining davomiyligini ta'minlash uchun jiddiy islohotlar lozim, deydi ular.

"Adliya tizimini oladigan bo'lsak, yo prezident Karzay bosh prokurorni qo'lga olgan yo tizimning o'zi o'ta zaif", - deydi Amerika taraqqiyoti markazi tahlilchisi Karolin Vedxems.

"Odamlar shikoyatini bildira olishi uchun mas'uliyat va javobgarlik hissi yuqori bo'lishi kerak. Islohotlarni mana shulardan boshlash lozim. Hokimiyatni markaz nazoratidan chiqarib, turli siyosiy qarashga ega kuchlarni tizimga jalb qilish zarur".

Ungacha esa Qo'shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat Afg'oniston hukumatining infratuzilmani rivojlantirib, fuqarolarni kommunal xizmatlar bilan ta'minlash harakatlarini moliyalashni davom ettiradi. Xavfsizlik 2014-yildan keyin yomonlashsa, bu rejalar izidan chiqishi mumkin.

Kuzatuvchilar nazarida xalqaro kuchlar ketganidan so'ng zo'ravonlik davom etish ehtimoli yo'q emas. Shu sabab ungacha barcha kuchlar bilan til topishib, tinchlik o'rnatish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG