Jenevada afg’onistonlik qochoqlar masalasi bo’yicha ikki kunlik xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. BMT homiyligida o’tgan anjumanda 40 dan ortiq mamlakat, jumladan Afg’oniston, Pokiston va Eron ishtirok etib, xorijdagi afg’on muhojirlarining vatanga ixtiyoriy qaytishini ta’minlash, ular uchun sharoit yaratish bo’yicha kelishuvga erishildi.
O’tgan 10 yil davomida 6 millionga yaqin qochqin Afg’onistonga qaytgan. Bu mamlakat aholisining qariyb to’rtdan biriga teng. Pokistonda hanuz ikki million, Eronda esa bir million afg’onistonlik yashaydi.
Jeneva anjumanida qochqinlarni moddiy va tibbiy yordam bilan ta’minlash hukumatlar uchun qimmatga tushayotgani ta’kidlandi. Muhojirlarni vataniga qaytarish va jamiyat bilan integratsiyalashuviga yordam berish jarayonida xalqaro hamjamiyat faol ishtirok etishi zarur.
Pokiston vaziri Shavkat Ulloh natijadan mamnun. Lekin strategiya ish berishi uchun xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etishidan keyingi davrga mo’ljallangan rejalarga qochoqlar masalasi ham kiritilishi kerak.
“Muammoni hal etishning yagona yo’li ularni erta va ixtiyoriy ravishda vatanlariga qaytishini ta’minlashdir. Masalan, Pokiston bu ishni 2012-yil dekabrga qadar amalga oshirishni ko’zlamoqda”, - deydi vazir.
Afg’on qochqinlarining bir qismini rivojlangan davlatlarga ko’chirish va joylashtirishda xalqaro hamjamiyatning yordami kerak bo’ladi.
Yig’inda Eronning BMTdagi elchisi ham so’z oldi. Uning aytishicha, Eron iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga qaramasdan, har yili yuz minglab afg’onlarni kasb-hunar o’quv kurslari va ish imkoniyatlari bilan ta’minlamoqda. Ularni tibbiy yordam bilan ta’minlashga ham har yili millionlab dollar sarflaymiz, deydi rasmiy.
BMTning Qochqinlar bo’yicha komissari Antonio Guteresning aytishicha, Afg’onistondagi beqarorlik va iqtisodiy-ijtimoiy muammolar rejaga to’siq bo’lmoqda. Vataniga qaytayotgan afg’onlar soni uch yil oldin chorak million edi, o’tgan yili 70 mingga tushdi.
“Afg’oniston mavhum o’tish davrini boshdan kechirmoqda. Muhojirlar, agar imkoniyat bo’lsa, vatanlariga qaytishga tayyor. Muammoga doimiy yechim topish, ular uchun kerakli sharoit yaratish faqatgina insonparvarlik yordami bilangina amalga oshiriladigan ishlar emas. Buning uchun siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot ham zarur”, - deydi Guteres.
Afg’oniston, Pokiston va Eron bir yoqadan bosh chiqarib, masala bo’yicha umumiy kelishuvga erishgani diqqatga sazovor ish. Ammo uning to’liq amalga oshishi uchun siyosiy murosa ham lozim.
“Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamjamiyat Afg’oniston hukumati va unga qo’shni davlatlar bilan birga ishlashi muhim. Muhojirlarning qaytishi uchun 48 hudud tanlangan, u yerlarga sarmoya kiritish kerak bo’ladi”, - deydi BMT vakili.
Uy-joy, oziq-ovqat, ta’lim va mehnat o’rinlari kabi birlamchi ehtiyojlar ta’minlansa, qochqinlarning imkoniyat qidirib mamlakatni tark etishi holatlari kamaygan bo’lardi. Rejani amalga oshirish uchun kelasi uch yilda 2 milliard dollar mablag’ kerak.