Tolibonning Afg'onistonda harakat qilayotgan bo'lagi ilk xorijiy vakolatxonasini Qatarda ochmoqchi. Tolibon bayonotida aytilishicha, idora xalqaro hamjamiyat bilan til topishishda vositachilik qiladi. Biroq hujjatda Afg'oniston hukumati bilan aloqa qilish haqida hech narsa deyilmagan.
Prezident Hamid Karzay tashabbusi bilan jangarilar bilan tinchlik muloqotini yo'lga qo'yish maqsadida tuzilgan Oliy tinchlik kengashi toliblar rejasini olqishlagan. AQSh nazarida Qatarda Tolibon idorasining ochilishi afg'on mojarosini tugatishda ijobiy rol o'ynashi mumkin.
Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, jangari rahbarlari afg'on hukumati talablarini bajargan holdagina tinchlikka umid qilishi mumkin, ya'ni zo'ravonlikdan voz kechishi, al-Qoidadan uzoqlashishi, qurollarni tashlab, davlat konstitutsiyasiga rioya qilishi lozim.
AQSh va NATO qo'shinlarini 2014-yil oxirigacha Afg'onistondan chiqarishni rejalar ekan, 30 milliard dollarlik harbiy texnikani dengiz yo'llaridan mahrum, tog'li mamlakatdan olib chiqish masalasining muammoli bo'lishi aytilmoqda.
AQSh rasmiylaridan birining ma'lum qilishicha, sanoqsiz zamonaviy texnikani, jumladan zirhli bronetransportyor va yuk mashinalari, yirik artilleriya moslamalari, qurollarni Amerika yoki Yevropaga havo orqali jo'natishdan ko'ra dengiz bilan yuborgan ancha arzon bo'lar edi.
Portlar qo'shni Pokistonda bor, ammo noyabr oyida NATO havo hujumida 24 pokistonlik askar o'lgach, bu davlat bilan aloqalar sovuqlashgan.