Tolibon Afg'onistonda mojaroni bas qilishga va tinchlik muloqotiga tayyor ekanini bildirmoqda. Guruh bayonotiga ko'ra, jangarilar mamlakat barqarorligiga o'z hissasini qo'shmoqchi. Biroq, deyiladi bayonotda, Tolibon Afg'onistonning hozirgi konstitsutiyasi va G'arb qo'lidagi qo'g'irchoq prezidentini qo'llab-quvvatlamaydi.
Tolibon o'lgan jangarilar ustidan yozilgan amerikalik askarlar tasvirga tushirilgan video ham uni muzokaralardan qaytarmasligini ma'lum qildi. Video kecha paydo bo'lgan. NATO harbiylar qilig'ini qoralagan, Pentagon esa tergov boshlaganini bildirmoqda. Tasvirning qachon tushirilgani ma'lum emas, ammo undagi harbiylar hozirda Afg'onistonda xizmat qilmaydi.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta hodisani qoralab, aybdorlar jazolanishini aytdi. Davlat kotibasi Xillari Klinton nazarida askarlar o'zini amerikacha qadriyatlarga va harbiylarga loyiq bo'lmagan tarzda tutdi.
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay ham amerikalik zobitlarning toliblar jasadi ustidan siyayotgani tasvirlangan videoni qoraladi.
AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Mark Grossman kelasi hafta Kobulda bo'lib, toliblar bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini muhokama qiladi. 15-27 yanvar kunlari Grosman, shuningdek, Turkiya,. Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda ham bo'ladi.
Bu o'rtada bugun Afg'oniston janubidagi Qandahor viloyatida xuruj sodir etilib, besh kishi o'lgan, jumladan Panjvayi tumani hokimi Fazliddin Og'a. U ikki o'g'li va ikki qo'riqchisi bilan mashinada ketayotganda bomba solingan boshqa avtomobil ularga urilgan. Portlashda to'qqiz politsiyachi va bir fuqaro jarohat olgan.
Kecha Qandahor shahar politsiya boshqarmasi boshlig'i suiqasd xurujida omon qolgan.