Breaking News

Afg’on askari NATO zobitlariga hujum qildi


Xalqaro koalitsiya jangovar amaliyotlarni mahalliy armiyaga topshirib, ketishga tayyorgarlik ko’rayotgan bir paytda bu hamlalar xavfsizlik hali o’ta zaif, degan xavotirlarni oshirmoqda
Xalqaro koalitsiya jangovar amaliyotlarni mahalliy armiyaga topshirib, ketishga tayyorgarlik ko’rayotgan bir paytda bu hamlalar xavfsizlik hali o’ta zaif, degan xavotirlarni oshirmoqda

Afg’oniston sharqidagi Kunor viloyatida mahalliy askar formasini kiygan odam NATO zobitlariga qarata o’t ochib, birini o’ldirgan.

Yil boshidan beri bu kabi xurujlarning 15 chisi; afg’on zobitlari yoki harbiy bo’lib kiyinib olgan jangarilar xalqaro alyansga bot-bot zarba bermoqda. NATO bu galgi hamla kimning ishi ekanini tergov qilmoqda, o’lgan askar - amerikalik.

Fransiya axborot agentliklarining mahalliy politsiyaga tayanib bildirishicha, afg’on askari o’t ochib, keyin qochishga muvaffaq bo’lgan. Tolibon bu ishni biz qildik, demoqda, biroq guruh avval ham ayni, biroq asossiz bayonotlar bilan chiqqan.

Xalqaro koalitsiya jangovar amaliyotlarni mahalliy armiyaga topshirib, ketishga tayyorgarlik ko’rayotgan bir paytda bu hamlalar xavfsizlik hali o’ta zaif, degan xavotirlarni oshirmoqda. Xorij qo’shinlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kerak. AQSh rasmiylari izohiga ko’ra, mahalliy armiya safidagi bu ziddiyatlar charchoq, ruhiy ezilishdan dalolat beradi.

BMTning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Yan Kubis so’zlariga ko’ra, yil boshidan beri aholi orasida talofatlar o’tgan yilga qaraganda 20 foizga oshgan.

Kecha Hilmand viloyatidagi portlashda yetti fuqaro, asosan, ayollar va bolalar o’lgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel va Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay kelasi hafta Berlinda uchrashib, Germaniya askarlarini vatanga qaytarish haqida gaplashadi. Afg’onistondagi zobitlari soni bo’yicha Germaniya Amerika va Britaniyadan keyingi o’rinda turadi. 5300 dan ziyod harbiy xizmatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG