Afg'onistonda amerikalik zobit 16 odamni o'ldirishi ketidan AQSh bilan munosabatlar sovuqlashgan. Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Qo'shma Shtatlardan askarlarini qishloqlardan chiqarib, bazalarga qaytarishni talab qilmoqda. Xorijiy kuchlar Afg'onistonni 2014-yil oxirigacha tark etishi kutilayotgan bir paytda aloqalarning taranglashgani rejaga ta'sir qilishi mumkin.
Afg'onistonda Tolibon va al-Qoidaga qarshi urush 10 yildan beri davom etar ekan, AQSh va NATO rasmiy Kobul bilan munosabatlarni tekis ushlashga harakat qilib keladi. Biroq so'nggi oylardagi voqealar bu ishga pand bermoqda. Jumladan, Qur'on nusxalarini NATO askarlar tomonidan yoqilishi, amerikalik zobitlarning toliblar jasadiga siygani tasvirlangan videoning tarqalishi hamda AQSh harbiysining 16 afg'onni o'ldirishi shular jumlasidan.
Afg'on xavfsizlik kuchlari orasida ham NATO zobitlari va mutaxassislariga qarshi qurol ishlatish hollari tez-tez uchrab turibdi, mamlakat bo'ylab namoyishlar ko'paygan.
AQSh Armiyasi harbiy kolleji professori Larri Gudsonning aytishicha, munosabatlar so'nggi 10 yilda hozirgiday tarang bo'lmagan.
"Aloqalar qartayib qolgan desam mubolag'a bo'lmaydi. Afg'onlar odatda xorijiy askarlarni ko'p toqat qilolmaydi. Koalitsiya kuchlari esa 10 yildan beri o'sha yerda. Jangarilar kuchaymoqda. Mamlakatda bir emas, bir necha guruhlar bor", - deydi Gudson.
Iste'fodagi general-leytenant Deyvid Barno AQSh va NATO qo'shinlariga Afg'onistonda qo'mondonlik qilgan. Uning aytishicha, aloqalarning yomonlashishiga sabab voqealardan nafaqat afg'onlar, balki AQSh jamoatchiligi ham to'ygan.
"So'nggi 6-8 oyda bu kabi noxush hollarning keti uzilmayapti. Buning sababini tushuntirib berish qiyin. Oq uy ma'muriyati va Kongressga Amerikaning o'zida bosim kuchli. So'nggi voqealar Amerikada katta xavotir uyg'otgan. Afg'onistonda ham bunchalik emas", - deydi general.
Prezident Karzay AQSh va NATOdan xavfsizlik uchun mas'uliyatni mahalliy askarlarga topshirishni so'ramoqda. Larri Gudson nazarida afg'on kuchlari hali tayyor emas, ayniqsa, qishloq joylarda. Shu sabab koalitsiya qo'shinlarini chekka hududlardan chiqarishga shoshmaslik kerak, deydi olim.
"Bunday yondashuv strategiyaga zarar. Mahalliy qo'shinlarni tayyorlayotgan mutaxassislarni chiqarib bo'ladimi?"
General Barnoning aytishicha, Karzayning talabi yangilik emas.
"Askarlarni chiqarish Qo'shma Shtatlar rejasida bor narsa. Oktabrgacha 91 ming qo'shindan 68 minggi qoladi. Afg'onistonning ko'p joylarida bazalar yopilib, nazorat afg'onlarga topshiriladi", - deydi sobiq qo'mondon.
2014-yil oxirigacha AQShning aksariyat jangovar kuchlari Afg'onistonni tark etishi rejalangan, biroq Obama va Karzay ma'muriyatlari ziddiyatlarga barham berishga kirishgan bo'lsa-da, so'nggi voqealar ta'sirida jadval bir oz o'zgarishi mumkin, deydi general Barno.
"Katta o'zgarish bo'ladi, deb o'ylamayman, ammo AQSh va Yevropada ko'plar 2013-yilga umid bilan qarayapti", - deydi u.
May oyida Chikagodagi NATO sammitida bu masala kun tartibidagi eng muhim mavzu bo'lishi kutilmoqda.
Afg'onistondagi so'nggi noxush voqealar AQSh strategiyasiga ta'sir qilishi mumkin
- Amerika Ovozi