Breaking News

AQSh-Afg'oniston strategik hamkorlik bitimi yakuniy pallada


AQShning Afg'onistondagi elchisi o'rinbosari Jeyms Kanningemning aytishicha, ikki davlat strategik hamkorlikka doir bitimni imzolash arafasida. Unga ko'ra, 2014-yilda xalqaro kuchlar Afg'onistonni tark etganidan so'ng ham Amerika qo'shinlarining ma'lum qismi mamlakatda qoladi.

AQSh diplomati so'zlariga qaraganda tomonlar maxsus jangovar operatsiyalarni o'tkazish va qo'lga tushgan jangarilarni saqlash mas'uliyatini afg'on kuchlariga topshirishga kelishib olgan. Bitim uzoq muddatli hamkorlikni ko'zlaydi va unga muvofiq, 2014-yildan so'ng Afg'onistonda qoladigan amerikalik askarlar mahalliy kuchlar harbiy tayyorgarligi bilan shug'ullanadi, deydi Jeyms Kanningem.

Kobul
Kobul
Uning aytishicha, tomonlar bitimni kelasi oy Chikagoda bo'ladigan NATO sammitidan oldin imzoga tayyorlab qo'ymoqchi. Sammitda alyansning Afg'onistondagi missiyasi muhokama etiladi.

"Anjuman yakunida xalqaro hamjamiyat Afg'onistonni uzoq muddatda qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini namoyish etmoqchimiz. Afg'on xalqi, mintaqadagi davlatlar ham shunga guvoh bo'ladi", - deydi diplomat.

Afg'oniston Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardakning muxbirlarga so'zlashicha, armiya va politsiya kuchlari soni ilgari rejalanganidek 352 ming emas, balki 230 ming atrofida bo'ladi. Biroq raqam vaziyatga qarab o'zgarishi mumkin, deydi u.

Afg'on kuchlari xorijiy yordam hisobiga moliyalanadi. Prezident Hamid Karzayning aytishicha, xalqaro hamjamiyat 2014-yildan so'ng shu maqsadda yiliga to'rt milliard dollar berishga rozi.

AQShning Afg'onistondagi harbiy missiyasini bugunga kelib na afg'on va na Amerika xalqi qo'llab-quvvatlaydi. Ayniqsa amerikalik bir askar 17 afg'on o'limida ayblangach va AQShga qarashli harbiy bazada Qur'on nusxalarining yoqilgani ayon bo'lgach.

AQSh elchisi o'rinbosari Kanningemning aytishicha, xalqaro hamjamiyatning Afg'onistondagi roli asosan madad darajasigacha tushgach, ziddiyatlar yumshab, barqarorlik ta'minlanadi, jangarilarga bo'lgan xayrixohlikning oldi olinadi.

"O'ylaymanki, bu Tolibon va boshqalarni hukumat bilan murosaga yetaklashga yordam beradi", - deydi diplomat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG