Breaking News

Prezident Obama kutilmaganda Afg'onistonga bordi


Kobul, 2-may 2012
Kobul, 2-may 2012

Bir yil oldin shu kuni Pokistonning Abbotobod shahridagi katta hovlida al-Qoida asoschisi Osama bin Laden AQSh maxsus kuchlari tomonidan o'ldirilgan edi. Terrorizmga qarshi urushda katta burilish yasagan bu voqea. Shu munosabat bilan bugun prezident Barak Obama, oldindan ogohlantirilmagan holda, Kobulga borgan.

Afg'oniston rahbari Hamid Karzay bilan tunda kechgan muzokara yakunida, ikki prezident strategik hamkorlik bitimiga imzo chekkan. Bu hujjat kelasi ikki yil va 2014-yilda Amerika qo'shinlari afg'on zaminini tark etgandan keyingi aloqalar uchun zamin yaratadi.

Xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy yordam va boshqaruvni mustahkamlash uchun AQSh milliardlab dollar ajratishga qaror qilgan.

Kobul, 1-may 2012
Kobul, 1-may 2012
Obamaning samolyoti Bagrom aerodromiga qo'ngan. Elchi Rayan Kroker prezidentni kutib olgan. So'ngra Obama vertolyotga o'tirib, Kobulga, prezident saroyiga borgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan prezident safari, manzilga yetib borgunicha, sir tutildi, deydi rasmiylar.

2014-yildan keyin Amerikaning qancha askari Afg'onistonda qolishi mumkin degan savolga tomonlar taxminan 20 ming deb javob beradi, ammo bu borada hali kelishilmagan.

Kongress har yili byudjetdan Afg'oniston uchun alohida mablag' ajratishi kutilmoqda.

Obama Afg'onistonda uzog'i bilan yetti soat bo'ladi. Bu qisqa, ammo tarixiy safar, deydi diplomatlar. Amerika Tolibon va al-Qoidaga qarshi kurashni davom ettiradi. Osama bin Ladenning o'ldirilishi terror tizimlariga katta zarba bo'lgan, ammo tahdid ko'lami hamon keng.

Kobul, 2-may 2012
Kobul, 2-may 2012
Obama Vashington vaqti bilan 19:30 da Kobuldan turib Amerika xalqiga murojaat qildi. Bu paytda Afg'onistonda tonggi 4:00.

Tomonlar orasidagi aloqani silliq deyish qiyin. Karzay ma'muriyati Amerika va NATOni o'zboshimchalik va hurmatsizlikda ayblasa, Vashington Kobulni mas'uliyatsiz, korrupsiya va sustkashlikka botgan, deb qoralaydi. Lekin, deya tan oladi rasmiylar, ikki davlat til topishishga majbur.

2001-yilning kuzida boshlangan urushda shu kungacha 1800 amerikalik halok bo'ldi va 15700 nafari jarohatlangan. O'nlab ming afg'onlarning yostig'i quridi. Yarim milliondan oshiq askar xizmat qildi.

Iroqdagi urushni qo'shib hisoblaganda, bu harbiy harakatlar Amerikaga 1,3 trillion dollarga tushdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG